Breaking News

Armanistonda sulhga qarshi omma bosh vazir iste'fosini talab qilmoqda


Armaniston Ozarbayjon harbiy yutuqlari bosimi ostida Tog’li Qorabog’dagi bir necha hududni topshirish majburiyatini o’z zimmasiga olishi ketidan minglab armanlar Bosh vazir Nikol Pashinyanni xiyonatda ayblab namoyish qilmoqda, uning iste’fosini talab qilyapti.

Xalqaro hayot – 11-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:27 0:00

Pashinyan bunday shartlarni qabul qilishga majbur bo’lganini, aks holda kattaroq hududlar, jumladan Tog’li Qorabog’ poytaxti Stepanakertni yo’qotish ehtimoli bo’lganini aytadi. Ozarbayjon bu shaharni Xonkendi deb ataydi.

Harbiy holat haqidagi qonun namoyishlarni man qilishiga qaramay, urush natijalaridan norozi odamlar ko’chaga chiqqan, hokimiyatni Qurolli kuchlar bosh shtabiga topshirishni talab qilmoqda. Biroq muxolif partiyalar rahbarlari bilan uchrashgan bosh shtab boshlig’i Onik Gasparyanning aytishicha, sulh bitimini imzolashni Pashinyanga frontdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda uning o’zi tavsiya qilgan.

Pashinyan g’alayonga bosh bo’lgan bir necha partiya vakillarini hibsga olishni buyurgan. Rossiya vositachiligidagi kelishuv natijasida harbiy harakatlar to’xtagan.

Shartnomaga ko’ra, sulh amalini nazorat qilish uchun hududga 2000 ga yaqin rossiyalik qo’shinlar kiritiladi. Ayni paytda ular Tog’li Qorabog’ga safarbar etilmoqda.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, sulh ijrosini nazorat etish uchun Turkiya va Rossiya qo’shma markaz tuzishga kelishib oldi.

“Markaz Ozarbayjon ozod etgan hududda tashkil etilmoqda. Sulh buzilishining oldini olish choralarini ushbu markaz qabul qiladi. Ozarbayjon tuprog’i va Tog’li Qorabog’ning 28 yillik okkupatsiyasi rasman tugamoqda”, - dedi Erdog’an.

Unga ko’ra, urush tufayli yillar oldin hududni tashlab chiqishga majbur bo’lgan ozarbayjonlik qochqinlar BMT nazorati ostida o’z uylariga qaytadi.

Ayrim mutaxassislar sulh kelishuvini Rossiya uchun siyosiy g’alaba sifatida ko’rmoqda. Ularga ko’ra, Rossiya hududga qo’shin kiritib, Turkiya ta’sirini cheklashga muvaffaq bo’ldi. Shartnoma Kremlning vositachilik roli hali ham ahamiyatli ekanini ko’rsatmoqda, deydi ekspertlar.

Tog’li Qorabog’dagi birinchi urushdan farqli o’laroq Rossiya bu gal Armanistonga faol yordam bermadi, harbiy harakatlarda qatnashmadi. Rossiyalik tahlilchilar bunga Armaniston bosh vazirining G’arbga moyilligini asosiy sabab qilib ko’rsatmoqda. Bundan tashqari, Ozarbayjon bilan neft va gaz bobida faol ish qilayotgan Rossiya iqtisodiy hamkorlikni izdan chiqarishni istamagan.

Sulh bitimi Turkiya uchun ham siyosiy g’alabadir. Mojaroning eng boshidan Ozarbayjonni qo’llab-quvvatlab kelgan Anqara xalqaro bosimga qaramay, chetga chiqmadi, Ozarbayjonning harbiy yutuqlarida muhim rol o’ynadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG