Breaking News

ASEAN Janubiy Xitoy dengizidagi tortishuvni hal qila oladimi?


ASEAN ga a'zo davlatlar rahbarlari Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizida harakatlanish tartibi xususida gaplashmoqda
ASEAN ga a'zo davlatlar rahbarlari Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizida harakatlanish tartibi xususida gaplashmoqda
Chorshanba kuni Bruney Sultonligida Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga a’zo 10 mamlakat rahbarlari yillik sammitda ishtirok etadi. So’ng payshanba kuni Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya ham ularga qo’shilib, Sharqiy Osiyo sammitida qatnashadi.

Bu yilgi yig’inlar AQSh prezidenti Barak Obamasiz o’tadi. U byudjet bilan bog’liq ichki muammolar tufayli Vashingtonda qoladigan bo’ldi.

Osiyo mamlakatlari ishtirokidagi ketma-ket ikki sammitda davlat rahbarlari umumiy manfaatlarga javob beruvchi strategik, siyosiy va iqtisodiy masalalarni muhokama qiladi.

Prezident Obama Osiyo va Tinch okeani mintaqasini AQSh tashqi siyosatidagi ustuvor yo’nalish deyishiga qaramay, bu galgi regional yig’in usiz o’tadigan bo’ldi. Ayrimlar bundan norozi.

Biroq AQSh delegatsiyasiga prezidentning o’rniga rahbarlik qilayotgan davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Obamaning yo’qligiga qaramay, Qo’shma Shtatlar yangi siyosatidan chekinmaydi.

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Tinch okeanidagi sobiq qo’mondoni admiral Dennis Bleyr ham shu fikrda. Obama uzrli sababga ko’ra sammitga borolmayapti, deydi u.

"Bu bilan AQSh siyosatiga baho bermaslik kerak. Prezident bunday qiyin vaziyatda Vashingtonni tashlab ketolmaydi", - deydi Bleyr.

ASEAN sammitida ayrim a’zo davlatlarning Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengiziga da’vogarlik yuzasidan tortishuvlarining muhokama etilishi tabiiy.

"Singapurdagi Janubi-sharqiy Osiyoni o’rganish instituti tahlilchisi Ian Storining aytishicha, dengizga da’vo qilayotgan ayrim mamlakatlar Xitoy bilan yaqin, o’rtadagi aloqani buzishni istamaydi, biroq Janubiy Xitoy dengizi masalasida ular qattiq turib olgan. Filippin va Vyetnam shular jumlasidan. Ular dengizda harakatlanishga doir puxta qoidalar majmui bo’lishini talab qilmoqda. ASEAN a’zolari bu masalada murosa qilishi kerak", - deydi Stori.

Pekin universitetida siyosatshunos Van Don nazarida, bu hali-beri hal bo’lmaydigan bahs.

"Nahotki masala bir, ikki va hatto, uch yilda hal bo’lishiga ishonsangiz? Bu mumkin emas, chunki muammo juda chigal. Unga juda ko’p davlatlar aralashgan. Masalaga bevosita daxli yo’q Yaponiya va AQSh ham mintaqadagi mamlakatlarning Xitoy bilan tortishuvidan o’z manfaati yo’lida foydalanmoqchi", - deydi Van.

Pekin dengizning 80 foizini o’ziniki deb biladi. ASEANning Pnompendagi o’tgan yilgi sammitida a’zo davlatlar tashkilotning 45 yillik tarixida ilk bor qo’shma bayonot chiqarishga ojizlik qildi – tomonlar suvdagi hududiy bahslarni hal etish mexanizmiga kelisha olmadi.

Mintaqa mamlakatlari savdo va iqtisodiy jihatdan mushtarak manfaatlarga ega ekan, bu gal ular bir to’xtamga kela oladimi, yo’qmi, hafta oxirigacha ma’lum bo’ladi.
XS
SM
MD
LG