Breaking News

Arab davlatlari Assad bilan aloqani tiklamoqda


Sakkiz yildan beri davom etayotgan urush va unga sarflangan mablag'lar uni hokimiyatdan ag'dara olgani yo'q. Suriya Prezidenti Bashar al-Assad oilasi hukmronligiga qarshi isyonni kuch bilan bostirdi, uning amaldan ketishi haqidagi bashoratlar ro'yobga chiqmadi.

Muxolifatni quvvatlagan Fors ko'rfazi arab davlatlari Suriyani Eron va Turkiyaga boy berishdan hamda qayta qurish loyihalaridan qolib ketishdan qo'rqib, Damashqda o'z elchixonalarini qayta ochishga tayyorlanmoqda. Qo'shnilar bilan chegaralar ochilgan, Damashq tomon parvozlar ham tiklanishi mumkin.

AQSh qo'shinlarini Suriya shimoli-sharqidan olib chiqishga hozirlanar ekan, Suriya armiyasi bu hududlarni bosib olishga shay. Bu Assadning mamlakatni butunlay qo'lga olishi yo'lidagi muhim qadam bo'ladi. Asosan, jihodchilardan iborat isyonchilar esa faqatgina shimoli-g'arbda qoladi.

Bir paytlar mag'lubiyat yoqasida turgan rahbar uchun bu misli ko'rilmagan o'zgarishdek tuyulishi mumkin. Rossiyaning 2015-yilda boshlangan harbiy quvvatlovi Assadni qutqardi. Suriya armiyasi, shuningdek, Eron yordami bilan Hims va Halab shaharlarini qayta qo'lga oldi.

Suriyada shu kungacha qariyb yarim million odam halok bo'ldi, aholining yarmi uy-joyidan ayrilgan. Ko'pchilik nazarida urush poyoniga yetmoqda.

"Arab davlatlari Assadni o'z saflariga qayta qo'shib olishadi", - deydi tahlilchi Faysal Itani.

AQSh harbiy mashinalari, Suriya shimoli
AQSh harbiy mashinalari, Suriya shimoli

Eronga qarshilik

Sunniy mamlakatlarning maqsadi - Eron ta'sirini cheklash.

"Saudiya Arabistoni proksi guruhlar orqali Assadni eng zaif paytida ag'darmoqchi bo'ldi. Rejim omon qolishi ayon ekan, qirollik Eronga qarshi muvozanatni saqlash uchun endi Assadga ta'sir o'tkazishni istaydi", - deydi Itani.

Bashar al-Assad Suriyada 2011-yilgi namoyishlarni bostirishi ketidan Arab davlatlari va G'arb uni keskin qoralagan edi. Suriya o'shanda Arab Ligasidan haydalgan, sanksiyalar bilan jazolangan, AQSh va Yevropa diplomatik idoralarini yopgan.

Ammo Xitoy, Rossiya, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika diplomatik aloqani uzmadi. Arab dunyosidan Livan, Iroq va Jazoir ham Suriyani yakkalash yo'lidan bormadi. Rossiya, Xitoy va Eronning quvvatlovi bilan Assad siyosiy jihatdan haqiqiy bosimga uchramadi.

Agar Saudiya Arabistoni Assad bilan aloqani tiklashga harakat qilsa, bu bilan qirollik uni chetlashtira olmaganini tan olgan bo'ladi. Ayni paytda Fors ko'rfazi davlatlari va xususiy kompaniyalarning ishtiroki Suriyani qayta qurish uchun muhim. Rekonstruksiya 200-350 milliard dollarga tushishi mumkin.

Sudan rahbari Umar Bashirning Damashqqa tashrifi, dekabr, 2018
Sudan rahbari Umar Bashirning Damashqqa tashrifi, dekabr, 2018

Elchixonalar qayta ochilishi

Dekabrda Sudan rahbari Umar al-Bashir 2011-yildan buyon Damashqqa tashrif buyurgan ilk arab lideri bo'ldi. Birlashgan Arab Amirliklari Damashqda elchixonasini qayta ochdi, undan so'ng esa Bahrayn ham elchixonasini ishga tushirdi.

Hozirda Suriyani qachon Arab Ligasiga qayta olish ustida muhokama ketmoqda. Misr Tashqi ishlar vaziri Sami Shukriga ko'ra, bu Suriya mojarosiga siyosiy yechim topish bilan bog'liq. Iroq Suriyaning ligaga a'zoligini tiklash tarafdori. Liviyada o'tadigan arab sammitiga Suriya ham qatnashishi ehtimoldan xoli emas.

"Bu asta-sekin yoki tezroq bo'lishi mumkin, ammo Assad lavozimida qoladigan bo'lsa, mintaqa davlatlari bu vaziyatdan foydalanishga harakat qiladi", - deydi Suriya bo'yicha ekspert Aron Lund.

G'arb dunyosidagi kayfiyat

Arab davlatlarining Suriya bilan yaqinlashuvi G'arb siyosatida ham o'zgarishlar ro'y berayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda. Suriyadan qo'shinlarni chiqarayotgan Prezident Donald Tramp Assadni hokimiyatdan ag'darish yoki uzluksiz urushlarda qatnashish rejamiz yo'q, deb keladi.

Yevropadagi o'ng qanot partiyalar va populist guruhlar Assad bilan do'stona munosabatda. Uni ekstremizmga qarshi dunyoviy rahbar deb bilishadi.

Hatto Assad ketganidan so'ng Damashqqa namozga boraman deb aytgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an ham, agar Assad ochiq va adolatli saylovda yutib chiqsa, u bilan hamkorlik qilishini bildirmoqda.

Bashar Assadga qarshi bosh ko'targan suriyaliklar uchun o'tgan sakkiz yil behuda o'tib ketgandek gap. Yarim million aholi qirilib ketdi, mamlakat xaroba bir ahvolda.

Tahlilchilar fikricha, Assad boshqaruvi ostida Suriya qisman tiklanib, mojarolar bilan yuzlashishda davom etadi. U hokimiyatda qolib, barcha istaydigan taraflar bilan hamkorlik qiladi.

"Suriya xalqaro hamjamiyatning to'laqonli a'zosiga aylanishini tasavvur qilish qiyin, lekin yakkalanib ham qolmaydi", - deydi siyosiy tahlilchi Faysal Itani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG