Britaniya sudi “Vikiliks” sahifasi asoschisi Julian Assanjni josuslik ayblovi asosida AQShga ekstraditsiya qilish iltimosini rad etdi.
Tuman sudyasi Vanessa Baretserning aytishicha, Assanj AQSh qamoqxonasidagi og’ir sharoitga dosh bermay o’z joniga qasd qilishi mumkin. Shu bilan birga, sudya advokatlarning Assanj siyosiy sabablarga ko’ra ta’qib etilayotgani yoki AQShda adolatli sudga yuz tutmasligi haqidagi da’volarini inkor etdi.
Baretser nazarida, Assanj AQSh qamoqxonasida butunlay yakkalatib qo’yilsa, ruhiy salomatligi yanada buzilishi mumkin.
Amerika hukumati ushbu qaror bo’yicha yuqori sudga shikoyat qilishini bildirdi.
Maxfiy hujjatlarni oshkor etish bilan shug’ullanuvchi “Vikiliks” sahifasiga 2006-yilda asos solgan avstraliyalik noshir, faol va muharrir AQShning Iroq va Afg’onistondagi urushlariga tegishli maxfiy hujjatlarni hamda diplomatik telegrammalarni saytiga qo’ygani uchun Vashington tomonidan josuslikda ayblanmoqda.
Assanj suddan 2012-yildan 2019-yilgacha Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashirindi, biroq keyin London politsiyasiga topshirildi.
Assanj advokatlari uni qamoqxonadan chiqarishga harakat qilmoqda.
Facebook Forum