Breaking News

Myanmada musulmonlarning ovozi o'chirilgan


Advokat Ko Ni haqida kitob
Advokat Ko Ni haqida kitob

Myanmada shu yilning 29-yanvarida taniqli advokat Ko Ni o'ldirib ketildi. 63 yoshli musulmon mutaxassis demokratiya va adolat yo'lida uzoq kurashib, xalq ishonchini qozongan arbob edi.

50 yil harbiy boshqaruv ostida yashagan Myanmada nihoyat erkinlik shabadasi esa boshlaganida uning hissasi katta. Lekin bugun musulmonlarga bu mamlakatda munosabat keskin. Ko Ni bu muammoga e'tibor qaratib, islomga e'tiqod qiluvchi qatlamni himoya qilayotgan edi.

Ko Ni musulmonlarning ovozi, ular suyangan tog' edi
Ko Ni musulmonlarning ovozi, ular suyangan tog' edi

Ayrim tahlilchilar nazarida Ko Ni harbiy kuchlarning jamiyatdagi rolini pasaytirish uchun kurashib, umumiy barqarorlikka tahdid solgan. Ko Ni musulmon bo'la turib, ozchilikdan chiqqan arbob sifatida Myanma bir pasda yangilanib qolmasligini, islohotlar uzoq vaqt olishini tushunishi kerak edi, deya tanqid qiladi ba'zi siyosatchilar.

Musulmonlar Myanmada azaldan oz bo'lsa ham muhim rol o'ynab kelgan. Ularning o'ziga xos ovozi bor, deydi 29 yoshli faol Kyo Htut. Ko Nining o'ldirilishi, uningcha, bu jamoa uchun qattiq zarba.

Myanma aholisining 4 foizi musulmonlardir. Bu davlatning bugungi timsoli Ang San Su Chining otasi Aun San 1947-yilda o'ldirilganida u bilan birga Abdul Razzoq ismli musulmon arbob ham yo'q qilingan. 1988-yildan boshlab avj olgan demokratik harakatda musulmonlar yuzlab sonni tashkil etgan.

Lekin 2011-yilda demokratik o'zgarishlar boshlanishi bilan millatchilik kuchaydi. Buddist ko'pchilik musulmon ozchilikni ezishga tushdi.

2012-yilda Rakhayn viloyatida 120 ming musulmon alohida hududga olib borilib, jamiyatdan ajratilgan edi. Maqsad, degan rasmiylar, tartibsizlik va to'polonlarga barham berish. Shundan beri musulmonlar siyosatga yaqinlasha olmaydi. Ularning jamiyatga qo'shilishi ham nozik masala. Yakkalangan holda yashashga majbur.

Ang San Su Chining hozirda hukmron Milliy demokratik ligasi musulmonlardan yuz o'girgan. O'z tashabbus va harakatlarida ularni hisobga olmaydi.

Musulmonlarga nisbatan jinoyatlar keng va ular odatda tergov qilinmaydi. BMT shafqatsizliklar, qatliomlar va tinimsiz bosim davom etmoqda, deya ogohlantirmoqda. Ang San Su Chi sukutda.

Uning ligasida xizmat qilgan Ko Ni o'ldirilganida sabab uning dinida emas, balki siyosiy qarashlarida, deya talqin qilindi. Bir necha kishi hibsga olingan.

Advokatni xotirlab yig'ilgan yoshlar deydiki, buddizm tinchlik demakdir. Buddistlar musulmonlarga toqat qilmaydi deb fikrlash noto'g'ri, deydi ular. Rakxayn viloyatidagi jinoyatlar ortida qashshoqlik turibdi, hukumat bu muammoga qarshi keskin kurashmas ekan, zarur chora ko'rmas ekan, mojarolar ko'lami kengayaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG