15-noyabr kuni Singapurda AQSh-ASEAN hamda Sharqiy Osiyo sammitlari o’tkaziladi. Mintaqada avtoritarizm kuchayar, inson huquqlari poymol etilar, demokratik tamoyillardan chekinilar ekan, davlat rahbarlari qatnashadigan ushbu anjumanlarda bu mavzularning muhokama etilmasligi aniq.
Nega shunday bo’lyapti? Nega Tramp ma’muriyati bu muammolarga ko’z yummoqda?
Filippinda giyohvandlikka qarshi qaqshatqich kampaniya...Kambodjada muxolifat vakillariga zug’um...Tailandda xunta rahbarining hokimiyatini kuchaytirishga harakati...Vyetnamda Kommunistik partiya liderining prezidentlikka kelishi...
“Janubi-sharqiy Osiyoda erkinlikni keskin cheklash va avtoritarizm tomon yurishga moyillik kuzatilmoqda”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Oliviya Enos.
Myanmada roxinjalik musulmonlar qo’shni mamlakatda jon saqlashga majbur.
Hatto odatda barqaror Indoneziyada poytaxt Jakartaning nasroniy gubernatori Qur’onni haqorat qilganlikda ayblanib, qamaldi. Dunyoda qo’rquv va bo’linish kuchaymoqda, deydi ayrim tahlilchilar.
“Ko’p siyosatchilar qo’shimcha ovoz olish uchun shunday yo’lga o’tib olgan. Olov bilan o’ynashishmoqda. AQShda ham, Yevropada ham, Janubi-sharqiy Osiyoda ham shu ahvol”, - deydi AQSh Tinchlik institutidan Vikram Singx.
ASEAN mamlakatlarida inson huquqlarini yaxshilash uchun mintaqaviy bosimning yo’qligi ham avtoritarizmning kuchayishiga sabab bo’lmoqda, chunki bu davlatlar bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga sodiq bo’lib kelgan.
Mintaqada ta’sirini oshirayotgan Xitoy ham bunga sababchi, deydi kuzatuvchilar.
“Xitoy bu mamlakatlarda o’z qadriyatlarini targ’ib qilmoqda. Pekin o’z fuqarolarining huquqlarini aql bovar qilmaydigan darajada poymol etayotganini hisobga olsak, vaziyat juda jiddiy”, - deydi Oliviya Enos.
So’nggi yillarda Xitoy “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi orqali mintaqaga katta sarmoya kiritgan.
“Ba’zi hollarda Xitoy savdo orqali korrupsiyaga yo’l ochmoqda. Xitoyning katta miqdordagi sarmoyalarini qabul qilayotgan mintaqa davlatlari pulni sarflashda xalqaro standartlarga rioya qilib, o’z xalqi huquqlarini himoya qilishi kerak”, - deydi tahlilchi Vikram Singx.
Xitoy inson huquqlarini buzayotganini, korrupsiyani qo’llab-quvvatlayotganini inkor etadi.
Tramp ma’muriyati oldingi ma’muriyatlardan farqli o’laroq, boshqa davlatlarni kamchiliklari uchun tartibga chaqirishni istamayapti.
“Qo’shma Shtatlar sizlarga qanday yashashni, qanday ishlashni, qanday ibodat qilishni o’rgatmaydi”, - deydi Tramp.
2017-yilda Osiyoning besh mamlakatiga safar qilgan Tramp savdo, terrorizm, Shimoliy Koreya yadro dasturini muhokama qilgan, inson huquqlariga deyarli to’xtalmagan edi.
“Inson huquqlari Tramp ma’muriyati tashqi siyosatidagi ustuvor vazifalarga kirmaydi deb o’ylayman. Nafaqat Hind-Tinch okeani mintaqasida. Har joyda”, - deydi tahlilchi Bonni Gleyzer.
Oq uy bu fikrga qo’shilmaydi.
“Biz dunyo bo’ylab inson huquqlarini targ’ib qilamiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.
Singapurdagi sammitda AQShdan vitse-prezident Mayk Pens qatnashadi. Asosan AQShning Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar bilan iqtisodiy va harbiy aloqalariga urg’u beriladi.
Facebook Forum