Breaking News

AQShda autizm bilan tug'ilgan bolalarga sharoit yaxshilanib bormoqda


Autizm shunday kasallikki, unda insonning aloqa va muomala qobiliyati cheklangan. Amerikada har 68 go’dakdan biri shunday tug’iladi. Ota-onalar oldida bunday farzandlar hayotini osonlashirish uchun imkoniyatlar ko’p emas. Lekin maxsus programmalar orqali madad yo’lini topsa bo’ladi. Virjiniya shtatidagi bir oila bilan tanishdik.

Autizm kasalligining davosi yo'q
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

Betsi Filds - ikki autistik bolaning onasi. Kunining har bir daqiqasi rejalangan, band. Yolg’iz qolgan vaqti deyarli yo’q. Bir aylanib kelishga fursat topolmaydi. Chunki farzandlari usiz yashay olmaydi, biror harakat qilolmaydi.

Lekin ona umidni boy bermaydi.

“Bolalarim boshqacha, lekin nogiron emas”, deydi Betsi. Templ Grandin degan bir ona kitob yozgan bu haqda.

Xanter 12 yoshda. Kolbi esa 10. Ular autizm bilan dunyoga kelganini onasi ikki yoshigacha bilmagan. Katta o’g’liga diagnoz qo’yishga qiynalishgan. Xanter gapira olmas edi. Hozir ingliz va ispan tilida birdek so’zlashadi. Alohida shug’ullanish kerak bo’lgan u bilan.

“O’g’limda autizm alomatlarini topishdi, lekin aniq bir tashxis qo’yishmadi. Yaxshi ko’ra olardi, shodon bola edi. Nahotki kasal deb o’ylanardim. Kechroq gapirar degan umid bor edi. Ikkinchi o’g’lim esa autizm bilan tug’ilganini darrov sezganman. Onaman, dahshatga tushdim. Endi nima qilaman bu bolalarim bilan deb”, - deydi Betsi.

Autizm bilan yashayotgan oilalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:55 0:00

Millionlab ota-onalar yuzlashadigan iztirob bu. Asosan o’g’il bolalarda uchraydigan kasallik ko’plab shtatlarda jiddiy e’tiborda. Oilalarga imtiyozlar beriladi, maxsus sharoitlar yaratilgan. Maktablar, bog’chalar muhayyo. Muolaja markazlari, mutaxassis topish qiyin emas.

Kris Lakovaro, terapevt:

“Bola bilan aloqa qilish juda murakkab jarayon. Ularni muomalaga o’rgatguncha ota-onaning sillasi quriydi. Har bir bemor o’zgacha bir dunyo. Hamma uchun bir muolaja taklif qilolmaysiz. Individual reja tuzish kerak. Autizm bemorlari siz va biz sezmaydigan, ko’rmaydigan narsalardan bezovta bo’lishi mumkin. Ularning kayfiyati nozik. Arzimagan narsalardan asabiylashishi, qo’rqishi va norozi bo’lishi mumkin. Shovqin degan narsa ular uchun umuman boshqacha. Buni anglash oson emas”.

Betsi muolajadan uyga qaytgach bolalarini ortiqcha bezovta qilmaydi. Maktab va terapeyaning o’zi yetib ortadi, deydi ona. Charchashadi.

“Hayot esa davom etadi. Bolalarim autistik deb taslim bo’lmayman. Suzishga boramiz. Boshqa bolalardek o’ynashadi, sakrashadi, o’zi bilan ovora”, - deydi Betsi.

Ota-ona aloqa qobiliyati cheklangan bola bilan yashashni o'rganadi
Ota-ona aloqa qobiliyati cheklangan bola bilan yashashni o'rganadi

Qo’shma Shtatlarda autizmga chalingan avlod oddiy maktabda o’qishi mumkin. Ular bilan shug’ullanadigan o’qituvchilar bor. Normal bolalar bilan o’ynashi, dars qilishi, mashg’ulotlar o’tkazishi uchun sharoit bor.

Betsining o’g’illari mahalliy dargohga qatnaydi. Davlat maktabi bo’lsa-da, deydi ona, ta’lim sifati yuqori, bolalarini kamsitishmaydi.

Autizm haqida kitob yozgan tadqiqotchi Jon Donvan tahlilicha, kasallikning davosi yo’q. Uni nazorat qilish mumkin, biroq butkul tuzatish hozircha mumkin emas. Bolaning holatini tan olib, uni ardoqlash kerak.

“Ota-onalar ruhan qiynaladi, o’zini noiloj ahvolda sezib, azoblanadi. Lekin zurriyotni rad etolmaysiz. Ko’nikasiz. Ayrim hollarda ota-onalar shifokorga murojaat qilmaydi, chunki bolasi kasal ekanini rasman aniqlashni istamaydi. Bir amallayman o’zim, deb o’ylashadi va oqibatda bola qiynaladi. Qo’rqmaslik kerak. Siz yolg’iz emassiz. Millionlab bola bu dunyoda shu ahvolda. Turmushingiz oson kechmaydi, lekin farzandingiz oldingizda va siz unga keraksiz, hamisha. Tan oling va yashang”, - deydi Donvan.

Betsining fikricha, hozir - eng og’ir damlar. Normal bolalarni ko’rsa, havas qiladi lekin bolalariga qarab, quvonadi. Ular shunday tug’ilgan. Ularga mehr kerak. Onada esa mehr cheksiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG