Breaking News

Armaniston va Ozarbayjon ikki kundan beri jang qilmoqda


Kavkazdagi ikki qo’shni davlat Armaniston va Ozarbayjon ikki kundan beri o’q almashmoqda. Tomonlar bir-birini hujumni birinchi boshlaganlikda ayblarkan, og’ir artilleriya ishga solinmoqda, kamida 30 odamning nobud bo’lgani xabar qilinmoqda.

Xalqaro hayot – 28-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:07 0:00

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev olti fuqarosi o’lganini aytib, mamlakatda qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan. Yaradorlarning 19 nafar ekani ma’lum.

1980-yillarda Ozarbayjondan ajralib mustaqillik e’lon qilgan Tog’li Qorabog’ rasmiylari ikki fuqarosi va 32 jangchisi halok bo’lganini bildirdi. Tog’li Qorabog’da ham, Armanistonda ham harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qilingan.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi qo’shni respublika tongda Tog’li-Qorabog’ga yaqin Tartar shahrini o’qqa tutganini ma’lum qildi.

Har ikki tomondan jangda vertolyotlar, dronlar, tanklar va artilleriya ishtirok etmoqda.

Ikki mamlakat 1990-yillardan beri Tog’li Qorabog’ni talashadi. Sovet Ittifoqi paytida Ozarbayjon hududida joylashgan bu o’lkada asosan arman millatiga mansub xalq yashagan. Sovet davlati parchalanishidan oldin Tog’li Qorabog’ muxtor viloyati Ozarbayjon tarkibidan chiqib, Armanistonga qo’shilish istagi haqida e’lon qilishi keyinchalik urushga turtki bergan.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Rossiya, AQSh va Fransiya ishtirokida tuzilgan Minsk guruhi taraflarni sulhga kelishishga ko’ndirdi. Urush va xalqaro hamjamiyat aralashuvi Tog’li Qorabog’ning Armanistonga qo’shilishiga to’sqinlik qildi. Shunga qaramay, o’lka mustaqillik e’lon qildi, o’z hukumatiga ega, aprel oyida yangi prezident saylandi. Dunyodagi birorta mamlakat, jumladan Armanistonning o’zi ham Tog’li Qorabog’ mustaqilligini tan olmaydi.

Shu yil iyulida chegarada to’qnashuv yuz berib, kamida 17 odam, asosan, harbiylar halok bo’lgan.

Yevropa davlatlari, Xitoy, Rossiya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa mamlakatlar tomonlarni zo’ravonliklarni to’xtatib, muloqot boshlashga chaqirmoqda.

Kavkazdagi mojaroda eng boshidan Ozarbayjonni qo’llab-quvvatlab kelgan Turkiya ittifoqchisiga madad berishini bildirdi.

“Ozarbayjonga hujum qilgan Armanistonni yana bir bor qoralayman. Tog’li-Qorabog’ning bosib olinishi bilan boshlangan mojaroga barham berish vaqti keldi. Armaniston Ozarbayjon yerlaridan darhol chiqishi bilan tinchlik qaror topadi. Bundan boshqa barcha takliflar adolatsiz va noqonuniy bo’lib qoladi”, - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.

Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Oqarning aytishicha, Armaniston tarafida xorijlik yollanma jangarilar jang qilmoqda. Yerevan o’z navbatida mojaroda Turkiya harbiylari qatnashayotganini da’vo qilarkan, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan qudratli davlatlarni bunga to’siq qo’yishga chaqirib, aks holda mojaro ko’lami kengayishi haqida ogohlantirdi.

Avgust oyida Turkiya va Ozarbayjon ikki haftalik qo’shma harbiy mashqlar o’tkazgan. Ayrim kuzatuvchilar Turkiya harbiy texnikasi va askarlarining bir qismini mashqlardan so’ng Ozarbayjonda qoldirgan bo’lishi mumkin deya taxmin qilmoqda.

Londondan turib Suriyadagi voqealarni yoritayotgan “Suriya inson huquqlari observatoriyasi” guruhi Suriyada Turkiyadan madad olayotgan isyonchilar Ozarbayjonga yuborilishi mumkinligini da’vo qilmoqda.

Ozarbayjon hukumati bu da’volarni inkor etmoqda.

Tog’li Qorabog’dagi birinchi urushda Armanistonni qo’llab-quvvatlagan Rossiya vaziyatni kuzatayotganini bildirdi. Ayrim tahlilchilar Turkiyaning mojarodagi ishtiroki Rossiyaning ham qo’shilishiga olib kelishi mumkin deya xavotir bildirmoqda. Turkiya va Rossiya Suriya va Liviyada ham qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlaydi.

Rossiya Armaniston va Ozarbayjonga qurol sotadi, Armanistonda harbiy bazaga ega.

Qo’shma Shtatlar Kavkazdagi vaziyatdan xavotirda ekanini bildirib, tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to’xtatishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG