Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bugun Tog’li Qorabog’da aksilterror amaliyot boshlangani haqida ma’lum qildi. Boku asosan harbiy nishonlarga zarba berilayotganini bildirdi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan Ozarbayjon hududi deya tan olingan Tog’li Qorabog’ning bir qismi Ozarbayjon nazoratida, qolgani esa arman ma’muriyati qo’lida. Ozarbayjon hududni to’liq qaytarishga intilarkan, bugungi hujumlarda Stepanakert shahri nishonga olingan. Ozarbayjon uni Xonkendi deb ataydi.
Shahar armanlar qo’lida. Mahalliy ma’muriyat bugungi hujumlarda besh odam o’lganini, 80 kishi jarohat olganini ma’lum qildi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Boku hujumini bosqin deb atadi, Ozarbayjonni etnik tozalashlarni boshlayotganlikda aybladi, biroq Tog’li Qorabog’da Armaniston qurolli kuchlari yo’qligini aytib, Yerevan mojaroga aralashmasligini bildirdi, Rossiyani Tog’li Qorabog’dagi rus tinchlikparvar kuchlarini ishga solishga chaqirdi.
Ayrim kuzatuvchilar Ozarbayjonning bugungi hujumi Rossiyaning sukutli roziligi bilan boshlanganini taxmin qilmoqda. Pashinyan hukumatining so’nggi paytlardagi siyosati Yerevanning Moskvadan uzoqlashganiga ishora qiladi. Bosh vazirning Rossiya tomon tanqidiy bayonotlari, AQSh bilan harbiy mashg’ulotlar, Armanistonning Prezident Putinni qidiruvga bergan Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo’lish rejasi Kreml noroziligiga sabab bo’lgan omillardan.
Pashinyan Tog’li Qorabog’dagi vaziyatni bugun AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muhokama qildi, Yerevanning Ozarbayjon bilan jang qilish niyati yo’qligini bildirdi.
Bugun Armaniston poytaxtida hukumatga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi. Omma Pashinyanni “xoin” deb chaqirdi.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Tog’li Qorabog’ning arman aholisini Lochin koridori orqali Armanistonga chiqib ketishga da’vat etdi. Vazirlik bugungi hujumni to’rt askari va ikki fuqarosining minalar portlashidan o’lgani bilan asosladi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev administratsiyasi Tog’li Qorabog’da aksilterror amaliyot to’xtatilishi uchun u yerdagi noqonuniy qurolli bo’linmalar qurolini topshirishi kerakligini ta’kidlab, hududdagi armanlar vakillari bilan muloqotga tayyor ekanini bildirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi har ikki tarafni qon to’kilishlariga yo’l qo’ymaslikka, Kreml esa Ozarbayjon va Armanistonni muzokara boshlashga chaqirdi. Yevropa Parlamenti esa Yevropa Kengashini Ozarbayjonga sanksiya qo’yishga da’vat etdi.
Ayrim tahlilchilar taxminicha, Ozarbayjon amaliyotining birinchi bosqichida Tog’li Qorabog’dagi arman kuchlariga qarashli havo mudofaasi tizimini ishdan chiqarganidan so’ng hududga qo’shin kiritishi mumkin.