Breaking News

Ozarbayjon Tog'li Qorabog'dagi g'alabani harbiy parad bilan nishonladi


Bugun Ozarbayjon Tog’li Qorabog’dagi urushdagi g’alabasini harbiy parad bilan nishonladi. Tadbirda Armanistonning urushda vayron bo’lgan harbiy texnikasi ko’rsatildi.

Xalqaro hayot – 10-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:56 0:00

Ozarbayjonni eng boshidan bu urushda qo’llab-quvvatlagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an paradni tomosha qilish uchun Bokuga bordi, paradda 3000 turk askari ham qatnashdi.

Olti haftalik harbiy harakatlar natijasida Ozarbayjon 30 yil oldingi birinchi urushda tortib olingan yerlarining bir qismini qaytarib olishga muvaffaq bo’ldi. Kelbajar, Agdam va Lochin rayonlari endi Boku nazoratida.

Harbiy tahlilchilar urushda dronlarni ishga solish taktikasiga ahamiyat qaratmoqda, Ozarbayjon urushga jiddiy tayyorgarlik ko’rganini ta’kidlamoqda.

“So’nggi 20 yilda Ozarbayjon harbiy byudjeti Armanistonnikiga qaraganda uch baravar oshdi. Ko’p qurol sotib olindi. Nafaqat Rossiyadan, balki Turkiya va Isroildan ham”, - deydi rossiyalik harbiy ekspert Aleksandr Golts.

2000 ga yaqin rossiyalik tinchlikparvar kuchlar sulh ijrosini nazorat qilmoqda. Tog’li Qorabog’ mojarosida nafaqat Ozarbayjon va Turkiya, balki ayrim kuzatuvchilar nazarida, Rossiya ham muvaffaqiyat qozongan. 2020-yil Armaniston uchun fojiali yakunlanmoqda.

“Armanistonning hozirgi rahbariyati qovun tushirdi. Hukumatdagilar jon-jon deb iste’foga chiqqan bo’lardi. Chunki bundan keyin Yerevan ko’chalarida erkin yurisha olmaydi”, - deydi mintaqaviy tahlilchi Karine Gevorgyan.

Sulh shartlariga ko’ra, Tog’li Qorabog’ga xavfsizlik kafolati sifatida safarbar etilgan rossiyalik harbiylar zimmasiga keyingi 5 yil davomida yangi urush ehtimolining oldini olish majburiyati yuklangan.

“Kelishuvga ko’ra, missiya uzaytirilishi mumkin. Nazarimda, mojaroning uzoq muddatga muzlatilishi eng yaxshi variant. Kiprdagi urushdan keyin bo’lgani kabi”, - deydi Golts.

Muzlatilgan mojarodagi muzni eritish g’alabadan ruhlangan va istilodagi barcha hududlarini qaytarishga ulgurmagan Ozarbayjon qo’lida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG