Breaking News

Qirg'iziston Oliy sudi Azimjon Asqarov ishini qayta ko'rib chiqadi


Azimjon Asqarovning qamoqda olingan so'nggi suratlaridan
Azimjon Asqarovning qamoqda olingan so'nggi suratlaridan

Qirg'izistonda bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan faol Azimjon Asqarov ishi Oliy sud tomonidan qayta ko'rib chiqiladi. Birinchi tinglov 11-iyulga belgilangan.

Asqarovning oila a'zolari yaqinda u bilan ko'rishgan. O'g'li Sherzod Asqarovning aytishicha, otasi inson huquqlari himoyasi yo'lida qilgan ishlaridan afsusda emas, biroq ahvoli og'ir. Oila xalqaro hamjamiyatdan yordam so'ramoqda.

2010-yilning yozida Qirg'iziston janubida yuz bergan xunrezliklar ketidan hibsga olingan Asqarov militsiyaga qarshi jinoyatlarda ayblangan.

Asqarov Jalol-Obod viloyatida o'z nohukumat tashkilotini yuritgan. Mahalliy huquq-tartibot organlarining faoliyatini tanqid qilib materiallar yozgan.

O'tgan yillar mobaynida bu inson taqdiri siyosiy darajada ko'p muhokama qilindi. Ish Oliy sudgacha ko'tarildi, biroq hukm o'zgarmadi. Yaqinda bu organ masalani qayta ko'rib chiqishga tayyor ekanini ham bildirgan.

O'tgan yili AQSh Davlat departamenti Asqarovni mukofotlagani Bishkekni g'azabga keltirib, aloqalarga darz ketdi. Tomonlar shundan beri yarashishga urinadi, siyosiy hamkorlik sust.

BMT, AQSh, Yevropa Ittifoqi va inson huquqlari tashkilotlari nazarida Azimjon Asqarov Qirg'iziston adliya va siyosiy tizimidagi adolatsizlik qurboni.

Asqarov va uning ishi bilan tanish mutaxassislar tergov va sud jarayonini "noxolis" va "asossiz" deya ta'riflaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG