AQSh do’konlarida jajji bolalar uchun sun’iy sut poroshogi qolmagan. Natijada onalar ijtimoiy sahifalar orqali begona emizikli ayollardan sut sotib olishga majbur.
Lindsi Keyts ismli bir ayol formulaning so’nggi qutisi tugashi bilan o’z farzandini xom sutga o’rgatishga kirishdi.
“Bormagan do’konlarimiz qolmadi. Hamma joyni qidirib chiqdik. Formulani hech qayerdan topolmadik”, - deydi u.
Mutaxassislar kamomadga ta’minot tizimidagi uzilishlar sabab ekanini aytmoqda. Shu bilan birga, Amerikaning formula ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyasi bir necha go’dak organizmida zararli bakteriyalar topilishi ketidan ishlab chiqarishni vaqtincha to’xtatishga majbur bo’ldi.
Sarosimaga tushgan onalar begona ayollardan ko’krak sutini sotib olishga qaror qildi.
Besh bolaning onasi Xezer Kristian olti haftalik qizini boqish bilan birga ko’krak sutini 30 grammiga 1 dollardan sotmoqda. Bir xaridor har hafta undan 50 dollarlik sut xarid qiladi.
“O’zingizda sut bo’lmasa, formula sotilmasa, nima qilasiz? Axir farzandingizni boqishingiz kerakku!”, – deydi u.
Davlat idoralarining tekshir-tekshirlaridan so’ng Michigandagi zavod qayta ishga tushdi. Bundan tashqari, Bayden ma’muriyati harbiy samolyotlarda Yevropa va Avstraliyadan bolalar formulasini olib kelishni buyurdi. Biroq kuzatuvchilar tanqislikka hali-beri barham berilmasligini aytmoqda.
“Gap shundaki, dunyodagi turli voqealar, jumladan Ukrainadagi urush sabab formulani tayyorlashda ishlatiladigan ba’zi mahsulotlarni topish qiyinlashmoqda, masalan, kungaboqar yog’ini”, - deydi Indianadagi Perdyu universitetidan Eymi Deyvid.
Shu hafta Avstraliyadan bir necha million shisha formula keltirildi. Formula do’kon rastalariga qaytguncha ayrim oilalar farzandlariga sigir suti va yumshoq ovqat bermoqda.
Facebook Forum