AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygel Amerikaning harbiy qudratini saqlash va kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbusni e'lon qildi.
"Mudofaa innovatsiya tashabbusi" deb nomlangan rejaga ko'ra, vazirlik eng so'nggi yuqori texnologiyalarni jalb qilmoqchi. Mudofaa vaziri Xeygel bu haqda Reygan Milliy mudofaa forumida so'zladi. Uning aytishicha, Pentagon texnologik ustunlikni boy bermoqda.
“Amerika 10 yil mojaro zonalarida barqarorlikni ta'minlash bilan ovora bo'lgan bir paytda Rossiya va Xitoy kabi davlatlar harbiy dasturlarini, qurollarini zamonaviylashtirish yo'lida ko'p pul sarflab, qurolli kuchlarimizning texnologik ustunligini yengishga harakat qildi”, - deydi Xeygel.
Yangi tashabbus uchun pul kerak. Xeygel Kongressdan Pentagon byudjetini tasdiqlashni so'radi. Uning aytishicha, byudjet sekvestri oqibatida ayrim dasturlarga pul ajratilmayapti, Pentagon xarajatlari kelasi 10 yilda bir trillion dollarga kesilishi mumkin.
Agar Kongress vazirlikning xarajatlarni tejashga qaratilgan takliflarini qabul qilmasa, kelasi besh yilda kamomad 70 milliard dollardan oshadi. Pentagon eski samolyotlardan voz kechib, ayrim joylarda bazalarni yopib, zamonaviy qurollar uchun pul tejamoqchi.
“Mudofaa vazirligi ixtiyoridagi bazalarning 24 foizi ortiqcha. Ularga esa har yili milliardlab dollar sarflanadi. Bu pullarni harbiy texnologiyalarga sarf qilsa bo'lardi”, - deydi Xeygel.
Biroq Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Entoni Kordsmenning aytishicha, ayb Pentagonning o'zida, chunki vazirlik ko'p pul sovuradi, samarasiz rejalaydi.
“Aniq bir dastur yo'q. Mudofaa bobida kelajak reja yo'q. To'g'ri, Kongress ko'p hollarda o'z bilgancha byudjetni qisqartiryapti, lekin vazirlik ham ishga mas'uliyat bilan yondashishi kerak, biz esa buni ko'rmayapmiz”, - deydi ekspert.
Xeygel taklif etayotgan tashabbusga muvofiq komissiya tuzilib, yangi g'oyalar jamlanadi.