Breaking News

Bolqondagi olti davlat 7 yilda Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi mumkin


Yevropa Ittifoqining bildirishicha, Bolqondagi ayrim davlatlar yana yetti yilda tashkilotga qo’shilishi mumkin. Buning uchun ular keng qamrovli islohotlarni o’tkazishi kerak. Tahlilchilar Rossiya va Turkiya bunga halaqit berishi haqida ogohlantirmoqda.

Serbiya va Chernogorye 2025-yilgacha Yevropa Ittifoqi a’zosi bo’lishi kutilmoqda. Yevropa Komissiyasi rahbari tashkilotning G’arbiy Bolqondagi mamlakatlarga doir yangi strategiyasini tanishtirar ekan, bu davlatlar bir fikrga kelishi kerak, deydi.

“2025-yil bir mo’ljal, xolos. A’zo davlatlar harakatlarini vaqtida qilishi uchun belgilangan sana. Ular bir qarorga kelishi shart. G’arbiy Bolqon ma’lum shartlarni bajarganidan so’ng Yevropa Ittifoqiga qo’shilishini istardim”, - deydi Jan-Klod Yunker.

Gap mintaqadagi olti mamlakat haqida ketmoqda. Bular Serbiya, Chernogorye, Albaniya, Bosniya, Kosovo va Makedoniya.

Tahlilchilarning aytishicha, migrantlar inqirozi ketidan Bolqon mintaqasining strategik ahamiyati oshdi. Bundan tashqari, ittifoq Moskvaning mintaqadagi ta’sirini shu tariqa cheklamoqchi.

“Rossiyaning qilayotgan ishlarini e’tibordan chetda qoldirib bo’lmaydi, hatto, hurmat va havas bilan qarasa bo’ladi. Shunisi xavotirga molik. Turkiya ham mintaqada juda faol. Anqaraning Yevropa Ittifoqidan uzoqlashayotgani tashvishlanarli holat. Xitoy ham o’ta faol”, - deydi Britaniyaning Avliyo Mariya universitetidan Jeyms Ker-Lindsi.

Bryussel nomzodlardan mustaqil sud tizimi o’rnatishni, so’z erkinligini ta’minlashni, uyushgan jinoyatchilikka barham berishni talab qilib keladi.

“Vengriya va Polshada so’nggi yillarda ortga chekinish kuzatilgan”, - deydi professor Ker-Lindsi.

Yugoslaviyaning tarqalishidan keyin boshlangan mojarolar tinmagan hali. O’tgan oy serb siyosatchisi Kosovoda otib ketildi.

Serbiya Kosovo mustaqilligini tan olishdan bosh tortib kelmoqda. Yevropa Ittifoqi strategiyasida bu masalani hal qilish ko’zda tutilgan. Kosovo rahbari kelishuvga oz qoldi, deydi.

“Yaqin kunlar, haftalar yoki oylar ichida kutmang. Ammo 2018-yil bu borada muhim va hal qiluvchi yil bo’ladi. Aks holda masala yana o’n yillarga cho’ziladi”, - deydi Hoshim Toji.

Bryussel Belgrad bilan jonlangan muzokaralar natija beradi degan umidda.

“Serbiyani Yevropa Ittifoqiga qanchalik yaqinlashtirsak, shunchalik yaxshi bo’ladi”, - deydi britaniyalik olim Ker-Lindsi.

Tahlilchilarga ko’ra, kelasi yili Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi kutilar ekan, tashkilotni jonlantirish dolzarb masala.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG