BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 10 yillik xizmatdan so’ng shu oy oxirida lavozimidan ketadi. “Amerika Ovozi” dunyoning yetakchi diplomati bilan bu ishdagi yutuqlari va armonlari haqida gaplashdi.
Mojarolarga chek qo’yish, iqtisodiy taraqqiyotni targ’ib etish, iqlim o’zgarishi asoratlarini kamaytirish maqsadida Pan Gi Mun dunyo kezdi, yuzlab rahbarlar, qochqinlar, tabiiy ofat jabrdiydalari bilan ko’rishdi.
Faoliyatimga tarixchilar baho bersin, deydi u. Bosh kotib qashshoqlikni tugatishga qaratilgan dasturidan faxrlanishini aytadi.
“2030-yilgacha insonlar dunyoda ancha to’qroq, sog’lomroq, tinchroq hayot kechirishiga aminman”, - deydi u.
O’tgan oy kuchga kirgan va iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimi qabul qilinganini ham bosh kotib olqishladi.
“Siyosiy shijoatsiz, davlat rahbarlari, yirik tadbirkorlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari orasida tushuntirish ishlarisiz, hamfikr insonlarni bir joyga jamlamay turib, buning iloji bo’lmasdi”, - deydi Pan Gi Mun.
Dunyo bo’ylab o’lim jazosini bekor qilish, ayollar huquqlarini yaxshilash masalasida ko’p ishlar qildik, biroq yakunlanmay qolgan ancha ishlar ham qoldi, deydi bosh kotib.
“Suriya, Janubiy Sudan, Yaman, Markaziy Afrika Respublikasi va boshqa mamlakatlarda mojarolar hanuz davom etmoqda. Ko’p hollarda ayrim davlat rahbarlarining bu muammolarga befarqligi meni hayron qoldiradi”, - deydi u.
Pan Gi Mun janubiy koreyalik bo’lib, Koreya yarimorolidagi vaziyat va taranglik uni bezovta qiladi. O’tgan yili bosh kotib Shimoliy Koreyaga bormoqchi bo’ldi, ammo oxirgi daqiqada Pxenyan tashrifni bekor qildi.
“Bu bir tomonlama qaror edi. Vaziyatni yumshatish uchun o’z hissamni qo’shishga rosa harakat qildim, ikki Koreyaning yarashishini juda xohlardim”, - deydi BMT rahbari.
72 yashar arbobning Janubiy Koreyada 2017-yil bo’ladigan prezident saylovlarida qatnashish ehtimoli bor. Biroq bu mamlakatdagi siyosiy tanglik sabab amaldagi rahbar lavozimidan erta ketib, saylovlar oldinroq bo’lishi ham mumkin.