Breaking News

Bangladeshda garovga olingan xorijliklar o'ldirildi


Bangladeshda jangarilar restoranda garovda ushlab turilgan 20 odamni o'ldirgan. Poytaxtda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Halok bo'lganlarning aksariyati xorijliklar.

Xavfsizlik kuchlari restoranga bostirib kirib, olti hujumchini o'ldirgan va birini qo'lga olgan. Restoranni egallab olgan jangarilar o'zlari amalga oshirgan qotilliklarning suratlarini "Islomiy davlat" terrorchi guruhiga jo'natgan.

Garovdagilarning 13 nafari ozod qilingan. O'lganlarning ko'pi yaponiyalik va italiyalik sayyohlar ekani aytilmoqda. Kamida ikki nafar politsiyachi ham halok bo'lgan.

"Islomiy davlat" xuruj uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan, ammo hujumni amalga oshirganlarning shaxsi hali ma'lum emas.

Garovga olish amaliyoti boshlangandan 10 soat o'tib poytaxt Dakkada otishma va portlash ovozlari eshitilgan. Voqea joyiga odamlar va jurnalistlar yaqinlashtirilmayapti.

Hujum juma kuni boshlangan. O'ntacha qurollangan noma'lum shaxs Dakkaning diplomatik binolar joylashgan hududidagi restoranga bostirib kirgan.

Politsiya restoran atrofini o'rab olib, hujumchilar bilan o'q almashgan. Tunga borib otishma to'xtagan. Shundan so'ng politsiya jangarilar bilan muzokara o'tkazishga kirishgan. Hech bir natija bo'lmagach, tongda garovdagilarni ozod qilish operatsiyasi boshlagan.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi Bangladeshdagi Amerika fuqarolarining xavfsizligini ta'minlash choralari ko'rilayotganini aytdi.

So'nggi oylarda Bangladeshda bu kabi terror xurujlari soni oshib bormoqda. Ularning aksariyatini "Islomiy davlat" va "Al-Qoida" guruhlari amalga oshirganini da'vo qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG