Xabarlarga ko’ra, Tolibon harakatining asoschilaridan biri va siyosiy rahbari Mulla Abdul G’ani Birodar Afg’onistonda yangi hukumatga bosh bo’ladi. Toliblarning yana bir nechtasi hukumatda muhim lavozimlarni egallaydi, jumladan guruhning yana bir asoschisi va marhum rahbari Mulla Umarning o’g’li Mulla Muhammad Yoqub va Shermuhammad Abbos Stanikzoy.
Tolibon yetakchisi va diniy rahbari Haybatulla Oxunzoda esa diniy siyosatga bosh bo’ladi, davlat boshqaruvining islom diniga monandligini nazorat qiladi.
Yaqin kunlarda yangi hukumat tarkibining e’lon qilinishi kutilmoqda.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozef Borrelning aytishicha, ittifoq Tolibon bilan ma’lum shartlar asosida muloqot qilishga tayyor, biroq buni Afg’onistondagi yangi hukumatni tan olish deb ko’rmaslik kerak.
"Afg’on xalqini qo’llab-quvvatlash uchun Afg’onistonda yangi hukumat bilan gaplashishga to’g’ri keladi”, - dedi u.
Borrelga ko’ra, Tolibonning xulqiga qarab u bilan muloqot kuchayishi mumkin. Buning uchun yangi hukumat inson huquqlari, qonun ustuvorligi va matbuot erkinligini himoya qilishi, Afg’onistonning terrorizm makoniga aylanishiga to’siq qo’yishi kerak, deydi Borrel.
Uning aytishicha, ittifoq evakuatsiyani Tolibon bilan Kobuldagi vakolatxonasi orqali muvofiqlashtiradi.
Afg’onistonda oddiy xalq shu kunlarda narx-navo o’sayotganidan nolimoqda.
"Shahar tinch, o’g’rilar yo’q, ammo ish ham yo’q, biznes to’xtagan, pul qilishga imkon yo’q”, - dedi kobulliklardan biri.
Ayollar esa yangi hukumat siyosati qanday bo’lishidan xavotirda. Kobuldagi xususiy maktab o’qituvchisi Lina Nojatning aytishicha, Tolibon hozircha oltinchi sinfgacha bo’lgan qizlarga maktabga chiqishga ruxsat bergan.
"O’qituvchilar ham ishga qaytgan. Bundan xursandmiz. Hozircha hammasi yaxshi, ertaga nima bo’lishini bilmaymiz”, - deydi u.
Facebook Forum