AQSh Adliya vaziri Uilyam Barrning qonunchilarga aytishicha, Oregon shtatining Portlend shahrida namoyishchilarni hovuridan tushirish uchun federal kuchlar aralashuvi zarur bo’lgan. Shaharda ikki oydan beri davom etayotgan chiqishlar tunda federal kuch ishlatar tizimlari bilan to’qnashuvga aylanmoqda.
“Sud binosi atrofida tunda bo’layotgan voqealarni namoyish deb bo’lmaydi. Obyektiv nazar solganda ham buning AQSh hukumatiga hujum ekanini ko’rsa bo’ladi”, - dedi Tramp ma’muriyati siyosatini tushuntirish uchun Kongressda ko’rsatma berishga chaqirtirilgan vazir.
Namoyishchilar tizimli irqiy tengsizlikka qarshi bosh ko’targanini aytadi, biroq Barr bunday da’volarning asossiz ekanini ta’kidladi.
“Shu paytgacha politsiya qo’lidan qurolsiz sakkiz nafar qora tanli o’lgan. Xuddi shu davr mobaynida politsiya o’qidan o’lgan qurolsiz oq tanlilar 11 kishini tashkil etadi. Politsiya tomonidan qurolni ishga solish kamaygan”, - deydi adliya vaziri.
Barr demokratlar nazoratidagi Vakillar palatasida ilk bor tinglovda qatnashdi. Demokrat qonunchilar bundan foydalanib, hujumga o’tdi.
“Siz faoliyatingiz davomida prezidentga yaxshi ko’rinish maqsadida vazirlikda ishlovchi professional mutaxassislar bilan muntazam ravishda jiqqalashib keldingiz”, - dedi quyi palataning Adliya qo’mitasi raisi Jerri Nedler.
Demokratlar nazarida, adliya vazirining federal kuchlarni namoyishchilarga qarshi ishlatishga ruxsat berishi siyosiy qadam bo’lib, noyabrda bo’ladigan prezident saylovlari bilan bog’liq.
“Amerikaliklar muddaoingizga shubha bilan qaramoqda. Ba’zilar shaharlarga federal kuchlarni yuborishdan maqsad zo’ravon jinoyatlarga qarshi kurash emas, balki prezidentga saylovda g’alaba qilishiga yordam berish deb o’ylayapti. Prezident namoyishchilar va politsiya o’rtasidagi mojaroni saylov kampaniyasidagi asosiy mavzuga aylantirmoqchi ekanini aniq bildirgan”, - dedi Nedler.
Barr 1-iyun kuni Oq uy oldida to’plangan namoyishchilarni tarqatish qarorini himoya qilarkan, bundan maqsad shu kuni Oq uy qarshisidagi cherkov yoniga chiqqan Prezident Trampni muhofaza qilish bo’lganini aytdi.
Facebook Forum