Shu kunlarda kuchga kirishi kutilayotgan yangi qonunga ko’ra, AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi (BBG) deb nomlangan mustaqil agentlik bir rahbar qo’liga o’tadi. Bu agentlik “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” singari axborot vositalarini boshqaradi. Uning ta’sis kengashi bekor qilinadi, ya’ni uning a’zolariga endi hojat yo’q.
Kongressning har ikki palatasi tasdiqlagan hujjatga binoan, AQSh Xalqaro Teleradio Kengashida qator islohotlar kutilmoqda. To’qqiz a’zolik kengash o’rnini maslahatchilar egallaydi. Ular biror qaror qilish vakolatiga ega emas. Boshqaruv vazifasi prezident tomonidan tayinlangan, Senat tomonidan ma’qullangan rahbar bo’ynida bo’ladi.
Qonun tarafdorlari nazarida agentlik endi samaraliroq ishlay boshlashi kerak, chunki ta’sis kengashi qaror qilgunicha ko’p vaqt o’tar va oxir oqibat a’zolar uzoqni ko’ra olmaydigan farmonlar chiqarar edi. Doimiy ravishda Vashingtonda o’tirmaydigan bu arboblar asosan o’zlarining bizneslari va kasbiy faoliyatlari bilan band edi. Rasmiyatchilik va qog’ozbozlik bebaho vaqtni osmonga sovurar edi.
Qonunga qarshilar nazarida esa butun boshqaruv bir kishining qo’liga o’tishi tashkilotlarning mustaqilligiga raxna soladi. Jurnalistlarning erkin faoliyatini xavf ostiga qo’yadi. Va eng muhimi, ko’p tillik axborot vositalariga ishonch pasayishi mumkin.
Respublikachi kongressmen Ed Roys deydiki, AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi hech qanday tahdid ostida emas va bu zarur islohotlar uni yangi davrga boshlaydi.
Kengash boshqaradigan tashkilotlar Sovuq urushni yenggan, millionlab tinglovchi va tomoshabinlar ishonchini qozongan axborot vositalari, deydi Roys. Ularning ishiga hech kim aralashmaydi. Maqsad - ularning faoliyatini osonlashtirish, ortiqcha boshog’riqlardan xalos etish, deya qo’shadi yetakchi kongressmen.
Yangi rahbar tashkilotlardagi mavjud tizimlarni o’zgartirish, ularni kichraytirish yoki kengaytirish, yangi lavozimlar joriy etish, boshliqlarni ishdan olish yoki ishga yollash, byudjetga o’zgartirishlar kiritish, bir tashkilotdan mablag’ni boshqasiga ko’chirish kabi kuchli vakolatlarga ega bo’ladi. Istasa, bir necha tashkilotni birlashtirishi ham mumkin.
Boshqaruv kengashi a’zosi, endilikda bu ishdan ayrilish arafasida turgan Maykl Kempner fikricha, Obama ma’muriyati bu qonunni yoqlab, katta xato qildi.
"Biror prezident, demokrat yoki republikachi, axborot vositalari ishiga bosh suqmasligi kerak. Ishlab turgan tizimni o’zgartirib nima qilasiz? Yangi ko’rinishda AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi mustaqil agentlik sifatida qadam tashlashi qiyin bo’ladi".
Yangi prezident, respublikachi Donald Tramp, “Amerika Ovozi” singari tashkilotni o’z siyosiy propaganda vositasiga aylantirishi mumkin degan xavotirlar ham bor.
AQSh Xalqaro Teleradio Kengashining amaldagi rahbari Jon Lansing qonunlar agentlik va uning qismlarini to’liq himoya qiladi, deya eslatmoqda.
"Yangi qonun federal hukumatga agentligimizdagi besh tashkilot ishiga aralashish yoki ta’sir o’tkazish vakolatini bermaydi. Yagona rahbar degani mustaqillik boy beriladi degani emas”, - deya ta’kidlaydi Lansing.
Har bir tashkilot, xususan “Amerika Ovozi” o’z missiya va xartiyasiga ega. Ishonchli, xolis va izchil ma’lumot berish – oliy vazifa.
Axborot tizimlari daqiqa sayin o’zgarib, yangilanib borayotgan zamonda islohotlar, o’zgarish tabiiy talab. Xavotirlar ham tabiiy.
Eng muhimi, AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi ostidagi tashkilotlar dunyodagi boshqa xalqaro va mahalliy axborot vositalari bilan raqobatlasha olishi kerak. Muxlislarni boy bermasligi kerak. Material sifati pasaymasligi lozim. Jurnalistlarning ruhi tushmasligi lozim. Ularning manfaatlari uchun xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilishi kerak.
Asl maqsad - axborot cheklangan jamiyatlarga zarur ma’lumot olib kirish. Bu ishni esa professionallar bajaradi. Bu tashkilotlar uchun har yili mablag’ ajratadigan Kongress a’zolari buni yaxshi tushunadi.
AQSh Xalqaro Teleradio Kengashiga 42 tilda efirga chiquvchi “Amerika Ovozi”, 26 tilda axborot uzatuvchi “Ozodlik”, Kuba uchun mo’ljallangan ispancha “Marti” teleradiosi, to’qqiz tillik “Erkin Osiyo” radiosi va arab dunyosini qamrovchi yirik teleradio tizimi kiradi. Yillik byudjet qariyb 1 milliard dollar. Bu tashkilotlar tarqatadigan informatsiya dunyo bo’ylab haftasiga 300 millionga yaqin odamga yetib boradi.