Breaking News

Qadim va mashhur ertak yana katta ekranda


"Sohibjamol va maxluq" - yangi kartina
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:57 0:00

"Sohibjamol va maxluq" - yangi kartina

“Sohibjamol va maxluq” – qadim ertak. Jahon bo’ylab tanish. Filmlar, multfilmlar, teatr va kitoblarda o’z aksini topgan. 1991-yilda ishlangan multfilm “Disney” kompaniyasining eng mashhur mahsulotlaridan biri. Yaqinda bu ertakning yangi varianti taqdim etildi.

Emma Votson Bella obrazida. Multiplikatsiya va kinematografik uslubda yaratilgan film sizni sehrlab qo’yadi.

“Bola borki, “Disney”ni sevadi. Katta bo’lganingizda ham bu multfilmlar, undagi obrazlarni unutmaysiz. Ertaklar vujudimizga mahkam joylashib olgan, umidbaxsh manbalar”, - deydi aktrisa.

“Disney” bu ertakni yangicha sahnalashtirish uchun 300 million dollar sarmoya qildi. Asar jangovar, musiqiy va fusunkor ko’rinishlarga boy. “Oskar” mukofoti sohibi Bill Kondon unga rejissyorlik qilgan. Har bir obraz yanada kuchliroq, serqirra va yorqinroq aks ettirildi, deydi u.

“Oldingi Bella zamoniy fazilatlarga ega edi. U malika bo’lish orzusida emas edi. O’ziga shahzoda ham qidirmayotgan edi. Kitobga mukkasidan ketgan, ilm izlagan, mustaqil fikrga ega, tirishqoq qiz edi. U muvaffaqiyat deganda bir yigitni topib, turmush qurishni o’ylamayotgan edi”, - deydi Kondon.

Emma Votson o’ynagan Bella ham shunday, zamonaviy, lekin unda muhabbat chuqurroq va boyroq bir tuyg’u sifatida tasvirlanadi.

“Maxluq va Bella boshida bir-birini umuman yoqtirmaydi. Chiqishmaydi. Astalik bilan do’stlashadi. Shundan keyin bir-birini sevib qoladi”, - deydi Votson.

Raqamli texnologiyaning eng so’nggi imkoniyatlari asosida ishlangan kartinada Gollivudning yosh va mashhur yulduzlarini ko’rasiz. Original musiqa, original kostyumlar va sahna ko’rinishlari. Bu film ustida ishlar ekan, “Disney” yangi studiyalarini sinab ko’rdi. Bir yarim minutlik reklama internetda 92 million marta tomosha qilingan.

“Disney” ning boshqa taniqli animatsion asarlari ham ko’p. Raqamli texnologiya yordamida yaratilgan obrazlar tomoshabinga judayam ma’qul, deydi kinoshunos mutaxassislar. Maugli, masalan, yosh-qarini o’ziga tamoman sehrlab qo’yadigan qahramon. U haqdagi yangi kartina “Oskar” mukofotiga bir necha yo’nalishda loyiq topildi. “Jungli kitobi” deb nomlangan bu film ham qayta ishlanganida har tomonlama mukammallashtirildi. Faqat bolalar uchun emas, katta yoshdagilar uchun ham mo’ljallandi.

“Uyqudagi go’zal” ertagi ham yangicha uslubda sahnalashtirilgan. 2014-yilda katta ekranga chiqqanida undagi bosh obraz uchun Anjelina Joli tanlangan.

Tomoshabin xotirasiga muhrlangan obrazlarni o’zgartirish “Disney” ga qimmatga tushishi mumkin edi, deydi kino tahlilchilar. Chunki o’ta ijobiy qahramonlar kutilmagan qadamlar tashlashi muxlisga salbiy ta’sir qilishi mumkin. “Sohibjamol va maxluq” filmida bu safar gomoseksual obrazlar ham bor. Malayziya shu bois kartinani man etdi.

“Disney” esa mahsulotidan rozi. U har tomonlama xit, muvaffaqiyat deya tan olindi. Boshqa mumtoz asarlar ham qayta ishlanishi kutilmoqda. Jahon bo’ylab tomosha qilinar ekan, prodyuserlar daromadni sarhisob qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG