Belarusda bo’lib o’tgan prezident saylovlarida mamlakatni 26 yildan beri boshqarayotgan Aleksandr Lukashenkoning yana saylangani norozilik namoyishlariga turtki berdi.
Uning asosiy raqibi, saylovda 10 foiz olgani aytilayotgan 37 yashar Svetlana Tixanovskaya ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qildi. Xavfsizlik kuchlari namoyishlarni bostirish maqsadida barcha choralarni ko’rmoqda. Kamida bir odamning o’lgani ma’lum.
Tixanovskaya mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Litva tashqi ishlar vaziri “Twitter”da bu haqda ma’lum qilib, uning mamlakati nomzodga boshpana berganini aytdi.
Tixanovskaya unga ovoz bergan va namoyishga chiqqan odamlardan bu ish uchun uzr so’radi:
"Saylov kampaniyasi meni po’lat kabi toblantirdi deb o’ylagandim, ammo zaif ayolligimcha qolganimni tushundim. O’zim uchun og’ir qaror qabul qildim. Hech kim meni bunga majburlagani yo’q. Kimdir meni tushunar, kimdir meni qoralab, nafratlanar. Ammo hech kimga bunday vaziyatga tushishni tilamagan bo’lardim”, - dedi Tixanovskaya.
Aleksandr Lukashenko namoyishchilarni xorijdan boshqarilayotgan qo’ylar podasi deb atadi.
“Qonunga bo’ysuning, shunda javob berishga to’g’ri kelmaydi”, - dedi u.
Namoyishchilar ham, G’arb davlatlari ham saylov erkin va halol bo’lmaganini aytmoqda.
Ayrim da’vogarlar ro’yxatdan o’tkazilmagani, ba’zilari hibsga olinishi ketidan ularning ayollari tashabbusni qo’lga oldi. Tixanovskayaning tadbirkor va blogger turmush o’rtog’i nomzod sifatida ro’yxatdan o’ta olmadi. Shundan so’ng Svetlana poygaga qo’shildi, qolgan ayollar esa uning saylov shtabiga kirdi.
Markaziy saylov komissiyasi nomzod salkam 10 foiz olganini aytsa-da, namoyishda qatnashayotgan minglab odam va ekzitpol natijalari komissiya e’lon qilgan raqamlarning xato ekaniga ishora qilmoqda.
"Saylov natijalariga rozi emasmiz. Bizda tamoman teskari ma’lumot mavjud”, - dedi Tixanovskaya.
Nomzod bo’lish huquqidan mahrum etilib, oilasi bilan Rossiyaga qochishga majbur bo’lgan Valeriy Tsepkalo ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi da’volarni qo’llab-quvvatlamoqda.
“Ko’chaga chiqishni, namoyish qilishni istamasdik, ammo u bizga boshqa chora qoldirmadi”, - dedi u.
Facebook Forum