Belarusda besh kunlik prezident saylovlari boshlandi. Saylovchilarning aksariyati 9-avgust yakshanba kuni ovoz berishi kutilmoqda.
Mamlakatni 1994-yildan beri uzluksiz boshqarayotgan 65 yashar Aleksandr Lukashenko saylovda yana nomzodini qo’ydi.
Lukashenko saylovdagi raqiblarini uni xorijiy homiylar yordamida ag’darishga urinayotganlikda ayblab, ikki nafarini qamatgan.
Bugun Minskda bo’lib o’tgan namoyishda ma’ruza qilgan davlat rahbarining aytishicha, Xitoy va G’arb davlatlari Belarusga e’tibor qaratar ekan, qo’shni Rossiya respublikani ittifoqchi sifatida yo’qotishdan xavotirda.
Lukashenko Rossiyani yaqin ittifoqchi deb atadi, biroq oldingiday birodarlik rishtalari yo’qligini aytdi.
Bir necha kun oldin Belarusda Rossiyaga qarashli bir guruh yollanma jangarilarning hibsga olingani aytilmoqda. Moskva guruh Belarus orqali uchinchi davlatga ketayotganini bildirib, ularni ozod etishni so’ragan, biroq Lukashenkoning aytishicha, “Vagner” xususiy xavfsizlik shirkatiga aloqador bu odamlar saylov kuni unga qarshi fitna uyushtirmoqchi bo’lgan.
Facebook Forum