Belarusda olti haftadan beri hukumatga qarshi namoyishlar davom etarkan, yakshanba kuni poytaxt Minskda salkam 100 ming odam ko’chaga chiqqan. Yana 16 shaharda namoyishlar kuzatilgan. Brestda esa militsiya olomonni suv bilan tarqatishga harakat qildi.
Ichki ishlar vazirligi 774 dan ziyod odam ruxsatsiz namoyishda qatnashgani uchun ushlangani haqida ma’lumot berdi.
9-avgust saylovlari soxtalashtirilganidan shikoyat qilayotgan omma Prezident Aleksandr Lukashenko iste’fosini hamda yangi saylovlar o’tkazilishini talab qilmoqda.
Rossiyadan madad kutayotgan Lukashenko bugun Sochiga borib, Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi. Putin Belarusga 1,5 milliard dollar miqdorida kredit berilishini ma’lum qildi.
“Belarusda saylovlarga aloqador ichki siyosiy jarayonlarga guvohmiz. Bizning munosabatimiz ravshan – Belarus xalqi tashqi maslahat va aralashuvsiz bu muammoni tinch va muloqot yo’li bilan o’zi hal qillishi kerak”, - dedi Putin.
Belarusdagi saylovda nomzod sifatida qatnashgan Svetlana Tixanovskaya Putin belorus xalqi emas, Lukashenko bilan gaplashganidan afsusda ekanini aytdi.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletning aytishicha, Belarusda tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilayotgani haqida tashvishli ma’lumotlar kelib tushmoqda.
“Huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari zaruratsiz va haddan ziyod kuch qo’llayotganidan xabardormiz”, - dedi u.
Inson huquqlari kengashi bugun Jenevada favqulodda majlis o’tkazib, Belarusdagi vaziyatni muhokama qildi.
Facebook Forum