Belarusda Aleksandr Lukashenko yangi prezidentlik muddatiga qasamyod keltirganiga qaramay, uning iste’fosini talab qilayotgan namoyishchilar bo’sh kelmoqchi emas, chiqishlarini davom ettirmoqchi.
“Hokimiyatdagilar bilan muloqot bo’ladi degan umiddaman, shundan keyin Lukashenko hokimiyatdan ketishiga aminman, chunki butun mamlakat unga qarshi chiqdi, buni esa inkor etib bo’lmaydi”, - deydi Valeriya ismli namoyishchilardan biri.
“Ko’proq odamlarni namoyishlarga jalb qilishimiz kerak. Diktator emas, xalq, Belarusning ajoyib insonlari o’z taqdirini belgilasin”, - deydi Anton.
Lukashenko namoyishchilar bilan muzokara qilmasligini bildirib, ularni haqorat qilmoqda, giyohvand, piyanista, kalamushlar deb atamoqda.
Rasmiylar namoyishlarni xorijiy kuchlar boshqarayotganini da’vo qiladi.
“Belarus o’z tarixida ilk bor xorijiy kuchlar tomonidan uyushtirilayotgan hamda Litva va Polsha tomonidan muvoqiflashtirilayotgan rangli inqilob senariysiga yuz tutmoqda”, - deydi parlament quyi palatasining xalqaro aloqalar bo’yicha komissiyasi raisi Andrey Savinix.
G’arbdagi aksariyat davlatlar Lukashenkoni qonuniy prezident sifatida tan olishdan bosh tortmoqda, Rossiya esa uni qo’llab-quvvatlayapti.
Biroq ayrim kuzatuvchilar qo’shni mamlakat yordami beg’araz bo’lmasligiga ishora qilmoqda.
“Rossiya Federatsiyasi bizdan nima istaydi degan savolni o’rtaga tashlashimiz kerak. So’zsiz itoatmi? Tenghuquqli ittifoqqa a’zo bo’lish o’rniga Rossiyaning qo’g’irchog’i yoki protektorati bo’lishimiznimi?” – deydi siyosatshunos Pyotr Petrovskiy.
Minsk ko’chalaridagi namoyishchilar chekinmasligini aytmoqda.
“Ikki oy oldin bunday bo’lishini, shuncha odam ko’chaga chiqishini tasavvur qilolmasdik. Jarayonni davom ettirishimiz, noroziligimizni ko’rsatish uchun ko’chaga chiqishda davom etishimiz kerak”, - deydi Antonina.
Facebook Forum