Belarus hukumati o’z hududi uzra uchib ketayotgan yo’lovchi samolyotni Minskda qo’ndirib, Afinadan Vilnyusga yo’l olayotgan 26 yashar belaruslik jurnalistni samolyotdan chiqarib hibsga olgach, Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarni o’z aeroportlari va havo sarhadlarini Belarus uchun yopib qo’yishga chaqirmoqda.
Samolyot Vilnyusga 10 kilometr qolganda Belarus harbiy samolyotlari yordamida Minsk aeroporti tomon yo’naltirildi. Belaruslik dispetcherlar samolyotda bomba borligini, uni Falastinning XAMAS harakati joylaganini aytdi. XAMAS bu da’volarni inkor etib, bunday usul uning ishi emasligini bildirdi.
AQSh va Yevropa Ittifoqi Aleksandr Lukashenko hukumatidan Roman Protasevichni ozod etishni talab qilmoqda.
Telegramdagi “Nexta” va “Nexta Live” kanallariga muharrirlik qilgan va Lukashenko hukumatiga qarshi ommaviy namoyishlarni qo’zg’atganlikda ayblanayotgan jurnalist bugun Minskdagi hibsxonadan video murojaat qildi.
“Salom, mening ismim Roman Protasevich. Kecha meni Minsk xalqaro aeroportida hibsga olishdi. Hozir Minskdagi 1-tergov izolyatoridaman. Sog’lig’im joyida, yurak yoki boshqa kasalliklarim yo’q. Xavfsizlik xodimlarining menga muomalasi maksimal darajada yaxshi, qonun doirasida. Ayni damda Minskda ommaviy norozilik namoyishlarini tashkillashtirish xususida tergovchilarga ko’rsatma beryapman”, - dedi faol.
Protasevich terrorizmga aloqadorlikda ham ayblanmoqda. Uning otasi Dmitriyning aytishicha, o’g’lini bunday bayonot berishga majburlashgan.
“Bu o’g’limning so’zlari yoki ohangi emas. O’ta asabiylashgani ko’rinib turibdi. Burni singanga o’xshaydi, chunki shakli o’zgarganday, uchida pudra izlari turibdi. Stoldagi sigaretalar unikimas, bunday sigareta chekmaydi. O’g’lim ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish aybiga iqror bo’lishi mumkin emas”, - dedi ota.
Irlandiyaning samolyoti Minskda qo’ndirilgan “Ryanair” loukoster kompaniyasi voqeani “havo qaroqchiligi” deb atab, Yevropa Ittifoqi, NATO va boshqa huquq-tartibot organlari vakillari bilan hodisani tergov qilishda hamkorlik qilayotganini aytdi.
“Eyr Frans”, “Lyuftganza” va “Singapur havo yo’llari” aviakompaniyalari Belarus hududi uzra ortiq uchmasligini ma’lum qildi.
Belarusning “Belavia” milliy aviakompaniyasi Britaniya va Fransiya bugun qo’ygan cheklovlar natijasida London va Parijga reyslarini 31-oktabrgacha bekor qilishga majbur bo’lganini bildirdi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden hodisani “siyosiy muxolifat va matbuot erkinligiga sharmandalarcha hujum” deb atarkan, bu ishga aloqador shaxslarni jazolashga chaqirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, ayrimlarning bu ishga Rossiya aloqadorligi haqidagi taxminlari asossizdir.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Rossiyaning bu ishga aralashmaganiga ishonish qiyin deb aytdi bugun.
“Rossiyaga qarshi kayfiyat sabab Moskvani hamma balolarda ayblashadi, tanqidchilarning Rossiyaga nisbatan nafrati ularni ko’r qilib, tahlil qilish qobiliyatidan ayirdi”, - dedi Peskov.
Bryusseldagi majlisda Yevropa Ittifoqi rahbarlari o’z hududidagi aviakompaniyalarga Belarus uzra parvozlardan qochishga chaqirdi.
Bu o’rtada Belarusning Mogilev shahri sudi bugun 5 nafar faolga hukm chiqarib, ularni ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish aybi bilan 4 yildan 7 yilgacha qamadi. Hukm o’qilgach, faollar “Belarus ozod bo’ladi” deb hayqirishdi.
Facebook Forum