Breaking News

Faollar Beverli-Xillz mehmonxonasini boykot qilishga chaqirmoqda


Kaliforniyada Beverli-Xillz mehmonxonasi oldida o'tgan norozilik namoyishi, 5-may, 2014-yil.
Kaliforniyada Beverli-Xillz mehmonxonasi oldida o'tgan norozilik namoyishi, 5-may, 2014-yil.
Kaliforniyaning Beverli-Xillz shahri rasmiylari Bruney sultonini Beverli-Xillz mehmonxonasidagi ulushlarini sotishga majbur qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.

Bruneyda shariatga asoslangan jazo choralarining tatbiq etilishi natijasida shahar ma’muriyati shunday yo’l tutishga qaror qilgan.

“Bugun biz sukut saqlab tura olmaymiz. Inson huquqlari himoyasi uchun oyoqqa turamiz. O’z ovoziga ega bo’lmaganlarni himoya qilamiz va bu biz uchun sharaf”, - dedi shahar meri Lili Bosse.

Gollivud ramzi sifatida dunyoga tanilgan Beverli-Xillz mehmonxonasi 1912-yilda ishga tushgan. U paytda Gollivud hali dunyo film sanoati markaziga aylanmagan edi.

Mehmonxonaga hozir Bruney sultoni Hassan al-Bolkiah rahbarligidagi sarmoyadorlar guruhi egalik qiladi.

Yaqinda Bruneyda shariatning o’ta konservativ qarashiga asoslangan yangi jinoyat kodeksi qabul qilindi. U to’liq kuchga kirganda, zinokorlarni va besoqolbozlarni toshbo’ron qilish, o’g’rilarning qo’lini kesish kabi jazo choralari amalga tatbiq etiladi.

Shundan beri ko’plab Gollivud yulduzlari Beverli-Xillz mehmonxonasini boykot qilishga undamoqda. Boykot doirasida mehmonxonada o’tishi rejalangan qator tadbirlar allaqachon bekor qilingan.

AQSh Davlat departamenti ham Bruneyda qabul qilingan yangi qonun yuzasidan o’z xavotirlarini bildirdi.

Bruney sultoni noroziliklarga hozircha javob qaytargani yo’q. Ammo mehmonxonaga egalik qiluvchi sarmoyadorlar guruhi rahbari boykotni adolatsizlik deb atab, bundan faqat mehmonxona ishchilari jabr ko’rishini ta’kidlagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG