Breaking News

Bayden ma'muriyatida ayollar aloqa va matbuot bilan shug'ullanadi


Jennifer Psaki Jo Baydenning matbuot kotibasi bo'ladi
Jennifer Psaki Jo Baydenning matbuot kotibasi bo'ladi

AQShda prezidentlikka saylangan Jo Bayden o’z ma’muriyatida axborot va kommunikatsiya bilan shug’ullanishni ayollarga topshirishga qaror qildi. Sobiq prezident Barak Obama paytida Davlat departamentida matbuot kotibasi bo’lgan Jennifer Psaki Baydenga so’zlovchi bo’ladi. Oq uy matbuot xizmatiga jami olti nafar ayol tayinlangan.

Bayden saylov shtabida jamoatchilik bilan aloqalarga javob bergan Keyt Bedingfild Oq uyda kommunikatsiya direktori bo’ladi. Shtab katta maslahatchisi Simon Sanders esa vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Harris idorasida matbuot kotibasi bo’lib ishlaydi.

Baydenga vitse-prezidentligi paytida so’zlovchi bo’lgan Elizabet Aleksandr bo’lajak rahbarning turmush o’rtog’i va bo’lajak Birinchi xonim Jill Bayden idorasi axborot xizmatini boshqaradi.

Bayden, shuningdek, yana ikki ayolni iqtisodiy maslahatchilari safiga qo’shgan. Ayni paytda “Amerika taraqqiyot markazi” tahlil institutini boshqarayotgan Nira Tanden davlat byudjetini ishlab chiqishga mas’ul Boshqaruv va byudjet idorasiga, Prinston universitetida iqtisodchi Sesiliya Rauz esa Iqtisodiy maslahatchilar kengashiga rahbar etib tayinlandi. Har ikkisi Senat tasdig’idan o’tishi kerak.

Bu o’rtada Jo Bayden kuchugi bilan o’ynab yiqilgani va oyoq suyagining singani haqida xabar qilinmoqda. Prezident Donald Tramp “Twitter” orqali unga salomatlik tiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG