Afg’onistonda harbiy xizmatni o’tagan ayrim amerikalik faxriylar Prezident Jo Baydenning 11-sentabrgacha barcha qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarish qarorini turlicha baholamoqda.
Ayni paytda bu mamlakatda 2500 askar qolgan. Urush eng avjida bo’lgan 2011-yilda ularning soni 100 ming atrofida edi. 20 yildan beri davom etayotgan ushbu mojaroda salkam 2500 amerikalik harbiy nobud bo’lgan; Amerika tarixidagi eng uzoq urush soliq to’lovchilarga 2 trillion dollarga tushdi.
Harbiy-dengiz kuchlari safida Afg’onistonda bir yil xizmat qilgan Tom Porter harbiy kampaniyadan ko’p narsa kutganini aytadi.
"Biz bir iborani ko’p ishlatamiz – “Unit-iston”. Amerika jamoatchiligi u yerda bo’lganimizni deyarli unutgan. Xalq vazifamiz, maqsadlarimiz nimadan iborat ekanini bilmasa, bunday urushni uzoq vaqt olib borish qiyin”, - deydi hozirda Harbiy-dengiz kuchlari vazirligida ishlayotgan sobiq harbiy.
Unga ko’ra, bu urushda ko’p odamlar qurbon bo’ldi, yana qancha faxriy urushdan turli yaralar bilan qaytdi.
“Ketishimizdan oldin muvaffaqiyatga erishamiz deb o’ylagan edim”, - deydi Porter.
Barcha qo’shinlarni chiqarish xavfli bo’lishi mumkin va Bayden tavakkal qilishdan qo’rqmayapti. Oldingi prezidentlar bunga jur’at etmagan. Donald Tramp askarlarni shu yil may oyigacha chiqarmoqchi edi, ammo saylovda mag’lub bo’lib, boshlagan ishini oxirigacha yetkaza olmadi.
Ba’zilar xavotiriga ko’ra, Afg’onistonda birorta xorijiy qo’shin qolmasa, al-Qoida qayta oyoqqa turishi yoki Tolibon hukumatni ag’darib, yana hokimiyatga kelishi mumkin.
Ayniqsa mahalliy aholi bundan tashvishda. Tashqi yordamsiz hukumat yolg’iz o’zi toliblarga bas kelolmaydi, deydi ular.
"Odamlar xorijiy askarlar tark etsa, fuqarolar urushi boshlanadi deb o’ylaydi”, - deydi Bilol Sultoniy ismli kobullik talaba.
"Hukumatimiz oddiy o’g’rilikning oldini ololmayapti Kobulda. Har kuni qotillik sodir etiladi, ishsizlik ham muammo. Xorijiy qo’shinlar chiqib ketadi deb o’ylamayman, lekin agar shunday bo’lsa, Afg’oniston tashqi yordamsiz oyoqda turishga qodir emas”, - deydi Zohir Nuri ismli jurnalist.
Baydenning aytishicha, Amerika askarlari Afg’onistonni 1-maydan tark eta boshlaydi. Jarayon 11-sentabrga qadar davom etadi. NATO ham yaqin orada 10 ming sonli qo’shinini Afg’onistondan chiqara boshlaydi.
Facebook Forum