AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan hafta Janubiy Koreyada bo’lib, Amerikaning Osiyodagi iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlaridan xabar oldi. Bayden yarimo’tkazgich ishlab chiqaruvchi zavodda bo’ldi, Seuldagi rasmiylar bilan Shimoliy Koreyaning yadro quroli sinoviga tayyorgarligini muhokama qildi.
“Shimoliy Koreyaning har qanday harakatiga tayyormiz. Javob choralarimizni puxta o’ylab qo’yganmiz”, - dedi u.
AQSh va Janubiy Koreya prezidentlari shunday choralardan biri qo’shma harbiy mashg’ulot bo’lishi mumkinligiga ishora qildi. Bayden Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan yuzma-yuz muloqot qilish ehtimoliga munosabat bildirdi.
“Bu uning samimiyligi va jiddiyligiga bog’liq”, - dedi Bayden.
Sobiq prezident Donald Tramp Kim bilan ikki bor shartsiz uchrashgan edi.
“Hozirgi ma’muriyat uchrashuv mohiyatiga urg’u bermoqda, maqsad yolg’iz suratga tushib kelish emas. Oq uy Shimoliy Koreya bilan muhokama va muzokaralarning samimiy va ishonchli bo’lishini xohlayapti. Biroq Pxenyanning Bayden yoki Janubiy Koreya rahbari tashabbuslariga befarqligi va sukunati uning pandemiya sabab tayyor emasligini yoki uning shartlari bajarilmayotganini ko’rsatmoqda”, - deydi “Yangi Amerika xavfsizligi markazi” tashkiloti tahlilchisi Duyon Kim.l
Seuldan keyin Yaponiyaga borgan Bayden BMT Xavfsizlik Kengashi isloh etilsa, Tokioni doimiy a’zolar qatoriga qo’shish istagini bildirdi.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan uchrashuv chog’ida Tayvan masalasi ham ko’tarildi. Muxbirlarning “Xitoy orolga hujum qilsa, AQSh uni qurol bilan himoya qilishga tayyormi” degan savoliga Bayden “ha” deb javob berdi.
Bunday tashabbus Xitoy qarshiligiga uchrashi, harbiy nizoga yetaklashi mumkin.
Tayvanni o’z hududi deb biluvchi Xitoy Baydenning so’nggi bayonotini qoraladi.
“Xitoy xalqining milliy suvereniteti va hududiy daxlsizligini himoya qilishga qaratilgan qat’iy shashti va irodasi, kuchli salohiyatini kamsitmaslik kerak. 1,4 milliard xitoylikka qarshi turmang”, - dedi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.
Shu kungacha AQSh Tayvanning mustaqillikni e’lon qilish harakatini qo’llab-quvvatlamasligini bildirib kelgan.
Tokioga safari chog’ida Bayden Osiyodagi 12 mamlakat bilan savdo va iqtisodiy kelishuvning uchini chiqardi. Xitoy bundan mustasno.
“Oq uy ma’muriyati turli iqtisodiy va siyosy tizimga ega mamlakatlarni bunga jalb qilgani tahsinga sazovor”, - deydi Vashingtondagi RAND korporatsiyasi tahlil markazidan Derek Grossman.
Vashingtonga qaytib ketishdan oldin Bayden seshanba kuni AQSh, Hindiston, Yaponiya va Avstraliyadan iborat to’rtlik guruhi rahbarlari majlisida ham qatnashadi.
Facebook Forum