AQSh Prezidenti Jo Bayden qora tanlilar huquqlari uchun kurashib jon bergan Martin Lyuter Kingni xotirlash uchun Atlanta shahriga borgan bir paytda Adliya vazirligi tomonidan tayinlangan maxsus prokuror bir necha yil oldin davlat rahbarining maxfiy hujjatlarni Oq uydan olib chiqib, himoyalanmagan joylarda qoldirib ketganini tergov qilmoqda.
Xususan, olti sahifadan iborat maxfiy hujjat Baydenning shaxsiy kutubxonasidan, yana bir nechtasi Delaver shtatining Vilmingtondagi uyidan hamda Vashington shahridagi Bayden markazidan topildi.
Yana bir maxsus prokuror sobiq prezident Donald Trampning Floridadagi uyidan 300 dan ortiq maxfiy hujjatlarning topilgani bo’yicha ham tekshiruv olib bormoqda.
AQSh Vakillar palatasining demokrat vakili Adam Shiff ikki holat o’rtasida farq borligiga ishora qilarkan, har ikki ish surishtirilayotganini to’g’ri deb baholadi.
“Baydenga tegishli hujjatlarda nimalar borligini, maxsus prokurorning fikrini bilishni istayman. Hujjatlarning oshkor etilish xavfi, buning natijasida ko’rilishi mumkin bo’lgan zarar ehtimoli qanday bo’lganini bilgim keladi”, - deydi u.
Oq uy tergov bilan hamkorlik qilishini bildirgan. Tergovchilar esa bunday harakat shunchaki beparvolik natijasimi yoki uning ortida qonunni buzish niyati bo’lgan, shuni aniqlamoqchi.
Respublikachi kongressmen Don Beykonning aytishicha, siyosatchi qaysi partiyaga mansub bo’lmasin, nozik hujjatlar bilan noto’g’ri muomala qilish xavf ehtimolini tug’diradi.
“O’ta maxfiy, razvedka xizmati manbalari va ishlash uslublarini o’z ichiga olgan hujjatlarni garajda, oromgohda yoki xitoyliklar qo’li yetadigan boshqa joylarda saqlash to’g’ri emas”, - deydi u.
Agar Prezident Bayden ushbu hujjatlarni ruxsatsiz olib saqlagani isbotlansa, u jinoyat sodir etgan bo’ladi.
AQSh bosh prokurorining sobiq o’rinbosari Rod Rozenstayn bunday sharoitda hamda amaldagi prezidentning javobgarlikka tortilishi mumkin emasligini inobatga olganda adliya qanday ishlashini tushuntiradi.
“Maxsus prokuror dalil va qonunlarni o’rganib chiqib, Adliya vazirligi ko’rsatmalari asosida bosh prokurorga jinoiy ish ochish yoki ochmaslik haqida tavsiya beradi. So’nggi qarorni adliya vaziri berishi kerak bo’ladi”, - deydi u.
Yaqinda Jorjiya shtatida senatorlikka saylangan va dam olish kunlari Bayden bilan yonma-yon turgan demokrat qonunchi Rafael Uornok shunday deydi:
“Hech kim qonundan ustun emas. Adliya vazirligi o’z ishini bajarayotganidan, bu ishga g’ov bo’lmayotganidan xursandman”, - dedi senator.
Vakillar palatasining respublikachilar raisligidagi Nazorat va javobgarlik bo’yicha qo’mitasi Oq uydan Baydenning uyiga kelib-ketgan odamlar bo’yicha ma’lumotlarni, maxfiy hujjatlar topilgan joylarda to’plangan boshqa hujjatlar va xatlarni berishni so’radi.
Facebook Forum