AQSh Prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida jahon rahbarlari, fuqarolik jamiyati vakillari, nohukumat tashkilotlar, tadbirkorlar bilan COVID-19 ga qarshi kurash haqida gaplashdi.
Bayden mamlakatlarga “Pfayzer” vaksinasining qo’shimcha 500 million dozasini xayriya qilishga va’da berdi.
“Amerikada vaksinaning shu paytgacha berilgan har bir dozasiga boshqa mamlakatlarga uch dozadan berishga ahd qildik”, - dedi Bayden.
Va’da qilingan vaksinalar qachon tarqatilishi hozircha ma’lum emas. Bayden iyun oxirida e’lon qilgan dastlabki 500 million dozadan 200 milliontasi 2021-yil oxirigacha, qolgani esa 2022-yil yarmigacha yuboriladi.
Bayden, shuningdek, dunyo bo’ylab vaksinatsiya xarajatlarini qoplash uchun qo’shimcha 750 million dollar hamda COVID-19 bilan bog’liq o’lim va yuqtirish hollarini tushirish uchun 1,4 milliard dollar va’da qildi. Gumanitar tashkilotlar xayriyalarni olqishlar ekan, boy davlatlar pandemiyadan xayriya hisobiga chiqa olmasligini aytadi.
“Xayriyalar donor xohishiga ko’ra qilinadi. Biroq ularni yetkazishda mas’uliyatni ko’rmayapmiz. AQSh va Yevropadagi boy davlatlar yuzlab million doza va’da qildi, ammo ularni yetkazish sur’ati juda past, bizga esa dozalar hozir kerak”, - deydi “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotidan Keyt Elder.
Bayden davlat rahbarlari bilan muloqot chog’ida COVID bemorlari uchun kislorod tanqisligini ham muhokama qilib, testlar, tibbiy xizmatchilar uchun himoya vositalarini ko’paytirish uchun ham chora ko’rishga chaqirdi.
Forumda bo’lajak pandemiyalarga tayyorgarlik ko’rish, ularning oldini olish haqida ham gap ketdi. Qo’shma Shtatlar Jahon banki qoshida shu maqsadda moliyaviy jamg’arma tuzishga chaqirdi.
"AQSh jamg’arma ishini boshlash uchun kamida 250 million dollar ajratishga tayyor. Kogressdan qo’shimcha 850 million dollar ham so’radik”, - dedi vitse-prezident Kamala Harris.
“Chegara bilmas shifokorlar”ga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining 2 foizidan kamigina COVIDga qarshi vaksinaning birinchi dozasini olgan.
Ba’zilar AQShni keksa amerikaliklar va ayrim turdagi bemorlarni qo’shimcha vaksina bilan emlash rejasini tanqid qilmoqda. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, boy mamlakatlar avval ortiqcha dozalarni emlash sur’ati past mamlakatlarga berishi kerak.
Facebook Forum