AQSh Prezidenti Jo Baydenning ish joylarida koronavirusga qarshi emlashni majburiy qilish qaroridan norozi respublikachi qonunchilar Oq uyni sudga bermoqchi.
Tanqidchilarga ko’ra, Bayden ma’muriyati federal hukumat vakolatlarini suiiste’mol qilmoqda. Bunday qaror emlanishni istamayotgan fuqarolar qarshiligiga uchraydi, deydi ular.
Baydenning qaroriga ko’ra, xizmatchilar emlanishi yoki har hafta test topshirib turishi kerak. Qoidaga rioya qilmagan bizneslar 14 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.
“Qarshilikni yengishga harakat qilayotgan bir paytda prezidentning harakatlari qarshilikni kuchaytirmoqda”, - deydi Arkanzas shtati gubernatori Asa Xatchinson.
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, AQShda salkam 41 million odam koronavirus bilan kasallanib, 660 mingga yaqini o’lgan.
12 va undan katta yoshdagi amerikaliklarning 74 foizi COVID-19 vaksinasining bir dozasini olgan. Emlash sur’ati so’nggi haftalarda kuchaygan, biroq sog’liqni saqlash mutasaddilarining ogohlantirishicha, amerikaliklarning katta qismi emlanmaguncha kasallik tarqalishda davom etadi.
19 nafar respublikachi gubernator Oq uy qarori yuzasidan sudga shikoyat qilishini bildirgan. Ularga ko’ra, emlashni majburiy qilish konstitutsiyaga zid. Biroq Bayden ma’muriyati federal hukumat vakolatlari bor joylardagina qoidani tatbiq etmoqchi.
“Sog’liqni saqlashga kelganda bu to’g’ri qaror. Ishchilar salomatligini ta’minlab, iqtisodiyotga yordam beradi”, - deydi AQSh Bosh xirurgi Vivek Murti.
Facebook Forum