Breaking News

Bayden "Katta Yigirmalik" sammitida qatnashish uchun Rimda


Bayden Rim papasi bilan uchrashmoqda
Bayden Rim papasi bilan uchrashmoqda

AQSh Prezidenti Jo Bayden “Katta Yigirmalik” tashkilotining sammitida ishtirok etish uchun Rimga tashrif buyurdi. Xitoy va Rossiya rahbarlari majlis ishtirokchilariga virtual shaklda murojaat qiladi. Bayden kelasi hafta BMTning iqlim o’zgarishiga doir anjumanida ham qatnashishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot – 29-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:44 0:00

“AQSh va Yevropa rahbarlari har ikki tadbirda qatnashib, juda faol bo’ladi”, - deydi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.

AQShning Afg’onistondan tartibsiz evakuatsiya qilishi hamda Fransiya g’azabiga sabab bo’lgan Avstraliya bilan xavfsizlik kelishuviga erishishi ketidan darz ketgan ishonchni tiklash Bayden uchun oson bo’lmaydi, deydi kuzatuvchilar.

“Afg’on evakuatsiyasi va Yevropaning bunga munosabati ketidan transatlantika aloqalarini tiklash muhimdir. Ammo iqlim o’zgarishi, global korporativ soliqlarni o’rnatish, qarz restrukturizatsiyasi kabi konkret mavzular ahamiyati hammaga ma’lumdir”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Lesli Vinjamuri.

Bayden 2030-yilgacha issiqxona gazlari emissiyasini 2005-yil darajasidan salkam 50 foizga tushirish va’dasiga urg’u berishi kutilmoqda. Biroq AQShning iqlim o’zgarishi masalasida global yetakchiligi Baydenning ayni damda Kongressda katta qarshilikka uchrayotgan iqlim o’zgarishiga doir tashabbuslariga bog’liq.

“Afsuski, iqlim o’zgarishiga doir tashabbuslarning o’z mamlakatida qabul qilinmayotgani prezidentning sammitdagi pozitiyasini zaiflashtirib, boshqa davlatlarni bu borada qattiqroq harakat qilishga undashda pand beradi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Mettyu Gudman.

Ko’mirdan voz kechishga ko’ndirish hamda rivojlanayotgan mamlakatlarga zararli gazlar chiqindisini kamaytirish va iqlim o’zgarishi asoratlariga qarshi kurash uchun boshqa boy davlatlar bilan birgalikda yiliga 100 milliard dollar ajratish oson bo’lmasligi aytiladi.

“Parij bitimini amalga oshirish mazmunidagi bu masalalar ijrosi siyosiy o’zaro ishonchga va rivojlanayotgan mamlakatlarning iqlimga doir qarorlarni qabul qilish salohiyatiga ta’sir qiladi”, - deydi Xitoyning ekologiya va atrof-muhit vaziri muovini Ye Min.

Gumanitar tashkilotlarga ko’ra, masalan, boy davlatlar o’tgan yili “Katta Yigirmalik” sammitida dunyoni koronavirusga qarshi vaksina bilan ta’minlashga doir bergan va’dalariga vafo qilmadi, aksincha yuzlab million vaksinani o’z aholisi uchun g’amlab qo’ydi.

“Badavlat mamlakatlarning vaksinalarni KOVAKS (COVAX) dasturiga aniq jadval asosida shaffof ravishda uzatishini istaymiz”, - deydi “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotidan Natali Erno.

Prezident Bayden bugun Rim Papasi Frensis va Italiya Prezidenti Serjio Mattarela bilan uchrashishga muvaffaq bo’ldi. Tomonlar o’zaro munosabatlar, pandemiya, iqlim o’zgarishi va qashshoqlik haqida gaplashgani ma’lum.

Inson huquqlari, qashshoqlikka qarshi kurash, bepul tibbiy yordam bilan shug’ullanuvchi “Oksfam” (Oxfam), Xalqaro Amnistiya va “Imerjensi” (Emergency) tashkilotlari “Katta Yigirmalik” sammiti ishtrokchilaridan vaksina masalasida global tengsizlikka barham berishga chaqirmoqda.

Tashkilotlar vakillari Rimda fleshmob uyushtirib, jahon rahbarlarini COVID-19 vaksinasiga monopoliyadan voz kechishga, aholisining o’ta kichik qismi emlangan kambag’al mamlakatlarda vaksina ishlab chiqarishga ruxsat berishga da’vat etdi.

"Kambag’al mamlakatlar aholisining atigi 1,8 foizi to’liq emlangan, Yevropada esa bu raqam 60-70 foiz atrofida. “Katta Yigirmalik”dan vaksinani adolatli ravishda taqsimlashni so’raymiz, - deydi “Oksfam” vakili Yorn Kalinski.

Bu uch tashkilotga ko’ra, boy davlatlar COVID-19 ga qarshi kurashda kambag’al mamlakatlarga 1,8 milliard doza vaksina va’da qilgan, biroq aslida 261 million doza berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG