AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden va vitse-prezidentlikka nomzod Kamala Harris o’tgan hafta Delaver shtatining Vilmington shahrida saylov kampaniyasini ilk bor birga olib bordi.
Harris vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlangan ilk qora tanli ayoldir. Ona tomondan hind millatiga mansub senator Baydenga qora tanli va boshqa rangli saylovchilar ovozlarini olishda yordam berishi kutilmoqda.
Bir necha kundan so’ng Viskonsin shtatining Miluoki shahrida Demokratik partiyaning saylovoldi qurultoyi o’tkaziladi. Koronavirus pandemiyasi sabab tadbir ilk bor virtual shaklda o’tadi. Qurultoyda Bayden va Harris rasman partiyaning oq fotihasini oladi.
Sobiq prezident Barak Obama, o’tgan galgi saylovda Donald Trampga mag’lub bo’lgan sobiq senator va sobiq davlat kotibi Xillari Klinton kabi yirik siyosatchilar hamda partiyaning Aleksandriya Okasio-Kortes kabi yosh, ammo qisqa vaqt ichida siyosiy nufuzni qo’lga kiritgan a’zolari qurultoyda ma’ruza qiladi.
Demokratik partiya ichidagi tanlovdan o’ta olmagan senator Berni Sanders Kamala Harrisni yuqori baholadi.
“Kamalani bir necha yildan beri taniydigan inson sifatida aytishim kerakki, u o’ta aqqli va pishiqdir. Vitse-prezident Pensga debatda oson bo’lmaydi. Harris Bayden kampaniyasiga ancha yordam beradi”, - dedi Sanders.
“Eshitishimcha, Kamala vitse-prezidentlikka nomzod bo’lish uchun talablarga javob bermas ekan. O’ta malakali, o’ta iste’dodli huquqshunosning xulosasi shunday”, - dedi Prezident Tramp.
Tramp oldingi saylov kampaniyasi paytida Prezident Obama AQShda tug’ilmagan degan da’volar bilan Obama noqonuniy saylangan degan gaplarni tarqatgan edi. Aytish joiz, Kamala Harris Kaliforniya shtatining Oklend shahrida tug’ilgan.
Tramp saylov shtabida katta maslahatchi Jeyson Miller Harris nomzodining muvofiqligi haqidagi gaplarni matbuot chaynayotganini aytadi.
“Saylov shtabimizdagilarning birortasi bu masalani ko’targani yo’q. Prezident bunga urg’u bermasligimizni aytgan. Mavzuning bizga qizig’i yo’q. Biz uchun masala yopiq. Matbuotdan boshqasi uni chaynayotgani yo’q”, - dedi Miller.
Demokratlar qurultoyi 17-avgustdan 20-avgustgacha o’tkaziladi. Bayden tadbirda rasman prezidentlikka nomzod sifatida e’lon qilinadi. Respublikachilar qurultoyi 24-avgustdan 27-avgustgacha Shimoliy Karolinaning Sharlot shahrida bo’lib o’tadi.
Facebook Forum