AQSh Prezidenti Jo Bayden Kongressga murojaatida dunyo bo’ylab inson huquqlari himoyasiga jiddiiy e’tibor qaratish kerakligini aytdi. Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar va faollar yangi ma’muriyatdan kelayotgan bu bayonotlarni olqishlamoqda, biroq bayonot ketidan amaliy harakatlar ham bo’lsin, deydi.
Myanma, Rossiya va boshqa mamlakatlarda tinch namoyishlarning ayovsiz tarqatilishi Bayden ma’muriyatining inson huquqlari masalasini Amerika tashqi siyosatining poydevori qilish haqidagi va’dalariga sinov tariqasida ko’rildi.
“Prezident Bayden inson huquqlarini Amerika tashqi siyosatining markaziga qaytarishga ahd qilgan. Bu majburiyatni men va Davlat departamenti o’ta jiddiy qabul qilamiz”, - dedi Davlat kotibi Entoni Blinken.
Ayrim inson huquqlari ekspertlariga ko’ra, Bayden va Blinken Xitoyning uyg’urlarga nisbatan muomalasini Tramp ma’muriyatiga qaraganda ancha qattiqroq tanqid qilmoqda.
“Bayden ma’muriyati Xitoy hukumatining uyg’urlarga nisbatan muomalasidan g’azabda ekanini, unga ko’z yummasligini aniq va ravshan bildirgan. Bu Xitoyda inson huquqlariga nisbatan siyosatda keskin o’zgarishdir. Nazarimda, oldingi ma’muriyat xoh Shinjon bo’lsin, xoh Gonkong, inson huquqlarining poymol etilishiga yetarlicha e’tibor bermagan”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Joan Lin.
Boshqa mutaxassislar ham Oq uy ma’muriyatining inson huquqlariga jahon bo’ylab e’tibori kuchayganini ta’kidlaydi.
“Xalqaro jinoiy sudga qo’yilgan sanksiyalarning bekor qilinganini ko’rdik. Tramp ma’muriyatining qashshoq mamlakatlarda ayollarga abort masalasida maslahat beruvchi xorijiy tashkilotlarga pul ajratishni man qilgan qaroridan voz kechilganini ham ko’rdik. Dunyo bo’ylab LGBT jamiyatiga a’zo odamlar, fuqarolik jamiyatiga ko’p yordam berilayotganini ko’ryapmiz. Davlat kotibi Entoni Blinken inson huquqlarini ko’p tilga olayotganiga ham guvohmiz”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotidan Sara Xolevinski.
Biroq ekspertlar Oq uy ma’muriyatining Yaqin Sharqda inson huquqlariga yetarlicha e’tibor qaratmayotganiga ishora qiladi.
"Ko’p xatolar bo’lyapti. Birlashgan Arab Amirlikari va Misrga qurol sotishga kelganda bayonotdan tashqari amaliy qadamlarni ham ko’ryapmiz. Bu inson huquqlarini poymol etuvchi mamlakatlardir. Oldinda ish ko’p hali”, - deydi Xolevinski.
Mutaxassislarning aytishicha, bayonotlarda ohangning o’zgargani yaxshi, biroq Bayden ma’muriyati Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlarni inson huquqlarini poymol etgani uchun qanday jazolashi hozircha muammo.
“Davlat kotibi Toni Blinkenning Xitoyda uyg’urlar qatliom etilayotgani haqida gapirishi boshqa, Xitoyni ushbu qilmishi uchun jazolashga harakat qilish bilan bir vaqtda uni iqlim, pandemiya va boshqa muhim masalalarda hamkorlikka chorlash boshqa”, - deydi Vashingtondagi “Amerika taraqqiyoti markazi”dan Brayan Katulis.
Hindiston va boshqa mamlakatlarda COVID-19 dan o’lim hollari ko’payayotgan bir paytda bu mamlakatlarga amaliy yordam berish ham dolzarbdir, deydi inson huquqlari faollari. Ko’p davlatlar havodek zarur vaksinalarni qo’lga kiritishi uchun faollar AQSh va boshqa boy mamlakatlar patentlarni yumshatsin deya bong urmoqda.
Facebook Forum