AQSh Prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqqa safarini Isroildan boshladi. Bu Baydenning prezidentlikka kelganidan beri mintaqaga ilk tashrifi.
"AQShning Isroil xavfsizligi bo’yicha cheksiz majburiyatini yana bir bor tasdiqladik. Isroil bilan dunyodagi eng zamonaviy mudofaa tizimlarini yaratishda hamkorlik qilamiz”, - dedi Bayden.
AQSh rahbari Isroilning “Temir gumbaz” va “Temir nur” raketa mudofaa tizimlarini ko’zdan kechirdi. Qo’shma Shtatlar har yili Isroil mudofaasi va xavfsizligi uchun milliardlab dollar uzatib turadi.
Eron tahdidiga qarshi samarali javob berish uchun Vashington Isroilni havo mudofaasi salohiyatini qo’shni arab mamlakatlari mudofaa tizimlari bilan birlashtirishga chaqirmoqda.
“Eron 2015-yilda imzolangan xalqaro yadro bitimiga qaytmasa, AQSh asosan Eronga qarshi bo’lgan mintaqaviy mudofaa tizimini moliyalashga kirishadi”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universiteti eksperti Eytan Gilboa.
Isroil televideniyesiga intervyu chog’ida Bayden Eronning yadro qurolini yaratish harakatlariga qarshi ekanini va zarur bo’lsa, buning oldini olish uchun Eronga qarshi harbiy kuch qo’llashga tayyor ekanini aytdi.
AQSh va Isroil rahbarlari bugun Eronni yadro quroliga egalik qilish imkoniyatidan mahrum qilishga qaratilgan qo’shma majburiyatga doir hujjat imzoladi.
Isroil Baydenning tashrifidan foydalanib, arab dunyosi bilan aloqalarini chuqurlashtirishga umid qilmoqda.
“Yaqin Sharqdagi davlatlar bilan yangi xavfsizlik va iqtisodiy arxitekturani barpo etishni muhokama qilamiz. Eron yadro dasturini to’xtatishga qaratilgan kuchli global koalitsiyani yangidan tuzish zarurati xususida gaplashamiz”, - deydi Isroil Bosh vaziri Yair Lapid.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp “Ibrohim bitimlari” kelishuvi asosida Isroilni bir necha arab mamlakati bilan yarashtirishga muvaffaq bo’lgan edi.
Falastin arab dunyosining yahudiy davlati bilan yaqinlashuviga qarshi. Isroil 1967-yilda bosib olgan G’arbiy Sohil va G’azo Sektorida to’qnashuvlar hamon davom etmoqda.
“Falastin mavzusi “Ibrohim bitimlari” xaritasiga deyarli kiritilmadi. Asosiy e’tibor Falastin suvereniteti hisobiga Isroil va uning arab qo’shnilari o’rtasida mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan”, - deydi Xalqaro tunchlik uchun Karnegi jamg’armasidan Zaha Hasan.
Bayden juma kuni Falastin rahbarlari bilan uchrashadi. AQSh rahbari “ikki davlat siyosati” orqali Falastin davlatchiligi g’oyasini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
"Nazarimda, bu kelajakda ham isroilliklar, ham falastinliklarni tenglik, erkinlik, farovonlik va demokratiya bilan ta’minlashning eng yaxshi yo’lidir”, - dedi Bayden.
Facebook Forum