Breaking News

Bayden Yaqin Sharqda qanday siyosat yuritadi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish siyosati doirasida Isroilning ikki arab mamlakati bilan aloqalarni jonlantirishga hissa qo’shdi. Ammo shu bilan birga, Eronda atom dasturi bilan shug’ullanayotgan yetakchi fizik olimning o’ldirilishi ketidan mintaqada vaziyat taranglashmoqda. Tramp salkam 4 yilda Yaqin sharqda qanday siyosat yuritdiyu, prezidentlikka saylangan Jo Baydenning tashqi siyosati qanday bo’lishi mumkin?

Toshkentda so'z erkinligi bo'yicha anjuman
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00

Isroil sentabr oyida Vashingtonda Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn bilan diplomatik aloqalarni o’rnatishga doir bitimlar imzolagani Prezident Donald Trampning tashqi siyosatdagi eng katta yutug’i sifatida tarixda qoladi.

“O’nlab yillik bo’linish va mojaro ketidan Yaqin Sharqda yangi davr boshlanishiga guvohmiz”, - dedi Tramp.

Ushbu tinchlik shartnomalari Falastin davlatchiligi masalasi hal etilmasdan arab-Isroil tinchligiga erishib bo’lmaydi degan o’nlab yillik mintaqaviy tushunchani tubdan o’zgartirdi. Tramp ma’muriyatining ketma-ket sanksiyalaridan holsizlangan Eronni umumiy dushman sifatida ko’rishi ham Isroil va arab davlatlarini bir-biriga yaqinlashtirmoqda.

AQShda prezidentlikka saylangan Jo Bayden arab mamlakatlarining Isroilni tan olishini olqishlarkan, falastinliklar taqdirini ham unutmaslikka chaqirdi.

“Isroil Falastinga haqiqiy davlatchilikka erishishida ham hamkorlikka tayyor bo’lishi kerak deb hisoblayman”, - dedi u.

Bayden, shuningdek, 2015-yilda Eron yadro dasturiga doir imzolangan xalqaro bitimga qaytishga va’da berdi. Tramp undan 2018-yilda chiqqan. Shartnomaga ko’ra, sanksiyalardan voz kechish evaziga Eron yadro dasturini to’xtatish majburiyatini olgan.

Biroq Eronda yetakchi yadro fizigining yaqinda o’ldirilishi bu rejaga pand berishi mumkin. Oq uy hujumni qoralamadi. Tehron bu ishda Isroilni ayblamoqda.

“Nazarimda, Eron rejimi Qosim Sulaymoniyning o’limidan keyin bo’lgani kabi o’zini ushlab turadi va Bayden ma’muriyatining ish boshlashini, u bilan kelishish ehtimolini kutadi. Jarayon oson kechmaydi, albatta. Eronning ayni paytda AQSh yoki Isroil bilan harbiy mojaro boshlashga kuchi yetmaydi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutida Eron dasturi direktori Aleks Vatanka.

Tramp tashqi siyosatda davlat rahbarlari bilan shaxsiy munosabatlarga tayangan ikki tomonlama aloqalarga urg’u berib kelgan, Bayden esa ittifoqchi mamlakatlar bilan ko’p tomonlama siyosat yuritishi kutilmoqda. Biroq Yaqin Sharqda tahlilchilar AQSh siyosatida katta o’zgarish bo’lmasligini bashorat qiladi.

“Albatta, Bayden tashqi siyosatida boshqacha ohang, boshqacha uslub bo’ladi. Yaqin Sharqda inson huquqlari va demokratik o’zgarishlar bilan shug’ullanuvchi odamlar AQSh uchun bu ikki masala yana ustuvor bo’lishini, ularni qattiq targ’ib qilmasa-da, qo’llab-quvvatlashini sabrsizlik bilan kutmoqda”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Merissa Hurma.

Bayden ham Tramp kabi Yaqin Sharq va Afg’onistonda cheksiz urushlarni tugatishga, diqqatni faqat al-Qoida va “Islomiy davlat” kabi terrorchi guruhlarga qaratishga, Saudiya Arabistoniga Yamandagi urushda yordamni to’xtatishga va’da bergan. Tahlilchilarga ko’ra, mintaqada qo’shinlar sonini qisqartirishning salbiy tomoni ham bor.

“Yaqin Sharqda ta’sirimiz kamayishi, “Islomiy davlat” yana bosh ko’tarishi, mintaqadagi dushmanlarimiz faollashishi mumkin. Yangi prezident keyingi bir yilda mana shu omillarning hammasini hisobga olib ish qilishi kerak bo’ladi”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi ilmiy xodimi Natasha Xoll.

Prezidentligining ilk oylarida Bayden AQShda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga, xususan, vaksinani tarqatishga urg’u berishi kutilarkan, tashqi siyosat bilan nomzodi davlat kotibi lavozimiga ko’rilayotgan Entoni Blinken shug’ullanishi mumkin. Blinken Bayden bilan salkam 20 yil birga ishlagan, jumladan Yaqin Sharq siyosati bo’yicha; AQShning Misr, Iroq, Suriya va Liviyadagi siyosatiga daxli bor inson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG