Breaking News

AQShda minimal federal ish haqi oshiriladimi?


Jo Bayden Oq uyga kirishi bilan aholining muayyan tabaqasi eng kam ish haqining oshirilishiga umid qilmoqda. Xususan oq tanli bo’lmagan ayollar.

Xalqaro hayot - 20-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:22 0:00

Orlando Davila 2012-yildan beri oshxonada ishlaydi. AQShga Boliviyadan kelgan 73 yashar bu odam aslida nafaqaga chiqishi kerak, ammo buning uchun yetarlicha pul g’amlamagan.

“Ishlamasam bo’lmaydi. Ipotekaga olgan uyim bor, har oy 3000 dollar to’lashim kerak. Suv, elektr, gaz to’lovlari ham bor”, - deydi u.

Virjiniya shtatida joylashgan bu restoran xizmatchilarining 75 foizi soatiga 8-12 dollar atrofida maosh oladi. Bu soatiga 7 dollar 25 sentni tashkil etuvchi eng kam federal ish haqidan bir oz ko’pdir.

Saylovda g’alaba qozongan Jo Bayden minimal maoshni ikki baravar oshirib, soatiga 15 dollarga ko’tarishni va’da qilgan.

Restoranning ijodiy direktori Klo Svanson ishchilarini qo’llab-quvvatlashga tayyor. Oxirgi yillarda hayot qimmatlashganini u yaxshi biladi. Biroq Prezident Donald Tramp va Senatdagi respublikachilar nazarida, maoshlarni ko’tarish bizneslarga og’ir keladi. Svanson bu fikrga qo’shiladi.

“Oylikni oshirish uchun xarajatlarni keskin kamaytirish, xodimlar sonini qisqartirishga to’g’ri keladi. Albatta, maoshlarni ancha oldin ko’tarish kerak edi va bu ishni bosqichma-bosqich qilish kerak”, - deydi u.

Kongressda hozir shunga doir qonun loyihasi turib qolgan. Respubikachilar va demokratlar tortishmoqda. Qonun qabul qilinsa, 2025-yilgacha mamlakat bo’ylab eng kam maosh soatiga 15 dollarga chiqariladi.

Bu o’rtada yettita shtatda minimal ish haqi shunday yoki shunga harakat bo’lyapti.

Saylov kuni Florida shtati saylovchilari ushbu taklifga ovoz bergan. Poytaxt Vashingtonda esa minimal ish haqi 1-iyulda oshgan.

Vashingtondagi Iqtisodiy siyosat institutida iqtisodchi Ben Zippererning aytishicha, ish haqini oshirish adolatdandir.

“Ayollar va oq tanli bo’lmagan ishchilar nomutanosib ravishda kam maosh oladi. Afsuski, AQSh mehnat bozorini irqchi va ayollarga noxolis deb atashga asos bor. Barcha siyosiy vositalarni ishga solib, bu muammoni hal etmoq zarur”, - deydi mutaxassis.

Virjiniyadagi keks do’koni egasi Adnan Hamidiy bunday yondashuvga qo’shilmaydi. Hukumat aralashmasin, deydi u.

“Kadrlarni tayyorlaydigan dasturlarga yaxshisi pul sarflashsin. Maoshga ajratiladigan byudjetni quritishni buyurgandan ko’ra odamlarga bilim berishsin”, - deydi u.

Kongress byudjet idorasi hisobiga ko’ra, minimal federal maoshning 2025-yilgacha oshirilishidan 27 millionga yaqin ishchi foyda ko’rishi mumkin, biroq shu bilan birga, 1,3 million odam ishidan ayrilishi mumkin.

Bayden respublikachilarning Kongressdagi qarshiligini yengishi uchun demokratlar Senatda ko’pchilikni tashkil etishi kerak. Yanvar oyida Jorjiya shtatida Senatga saylovning ikkinchi bosqichi o’tkaziladi. Yuqori palatada ikkita o’rin bo’sh turibdi. Saylovda demokrat nomzodlar g’olib chiqsa, Vakillar palatasi bilan birga Senat ham ularning nazoratiga o’tadi.

“Maydaroq ishlarni prezident farmonlari orqali uddalasa bo’ladi, ammo Mehnat kodeksini o’zgartirishdek yirik iqtisodiy islohotlar Kongress tasdig’isiz amalga oshmaydi”, - deydi Ben Zipperer.

Kam maoshga ishlovchi odamlar o’zgarishlarni sabrsizlik bilan kutmoqda.

“Zinaning eng pastida turish oson emas. Agar ish haqi adolatli bo’lsa, kollektiv kuchliroq bo’ladi, uzoqroq turadi”, - deydi go’zallik salonida ishlovchi Natali Pagmayr.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG