Breaking News

Bayden emlanmagan federal xodimlarga niqob taqishni buyurdi


AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, davlat idoralarida ishlovchi xizmatchilar COVID-19 dan emlanganligini tasdiqlashi zarur, emlanmaganlar esa niqob taqishga majbur bo’ladi, har hafta test topshiradi, xizmat safarlariga chiqa olmaydi va ish joyida ijtimoiy masofa saqlashi kerak bo’ladi. Fedaral idoralardagi pudratchilarga ham o’xshash talablar qo’yiladi. Davlat rahbariga ko’ra, yaqin orada emlanish qurolli kuchlar saflarida majburiy bo’lishi mumkin.

Xalqaro hayot – 2-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:49 0:00

"Niqob COVID-19 tarqalishiga qarshi himoya vositalaridan biridir, emlanish esa koronavirusdan qattiq kasallanishga qarshi eng yaxshi himoyadir”, - dedi Bayden.

Sog’liqni saqlash mutasaddilariga ko’ra, koronavirus tez tarqalayotgan hududlarda hatto to’liq emlangan odamlar ham ichkarida niqob taqishi zarur. Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazining bildirishicha, delta shtammini emlanganlardan ham yuqtirish mumkin.

“Emlanmagan odamlar shuni anglab yetsinki, agar ular virusning bu turiga chalinsa va infeksiya tez tarqalayotgan hududda yashasa, kasallikni sevgan insonlariga ham yuqtirishi mumkin”, - deydi markaz direktori Roshel Valenski.

Tashkilot ikki oy oldin emlangan amerikaliklar niqob taqishi shartmas deya aytgan edi, endi esa yangi qoidalar. Markaz bolalar bog’chasi va maktablardagi barcha tarbiyalanuvchilar va o’quvchilar, o’qituvchilar hamda xodimlar emlanganidan qat’i nazar niqob taqsin deya tavsiya chiqardi.

Biroq hamma ham yangi qoidalardan xursand emas, ayniqsa ta’lim sohasida.

“Bitta qoidani hammaga qo’llab bo’lmaydi deb o’ylayman. Hammada tanlash imkoni bo’lsin, ota-onalar o’z farzandlari uchun eng yaxshi imkoniyatlardan kelib chiqib qaror bersin”, - deydi Michigandagi bir maktab direktori Bob Makkan.

Qonunchilar orasida ham yangi qoidalarga qarshilik bildirayotganlar bor.

“Yangi tomoshaning boshlanishi bu. Maktablar ochilishi bilan ularni yana yopa boshlashadi. Gap nazoratda”, - deydi AQSh Vakillar palatasida respublikachilar sardori Kevin Makkarti.

Bu o’rtada “Facebook”, “Google” va “Netflix” kabi yirik kompaniyalarda majburiy emlanish joriy etilmoqda. Nyu-York va boshqa shtatlardagi mahalliy hukumatlar, 600 dan ortiq universitet ham o’xshash qoidalar qabul qilmoqda.

“Bundan xursandman, ammo pandemiyada shunday bir nuqtaga yetdikki, hozirgi sharoitda o’z xohishiga ko’ra emlanmoqchi bo’lgan odamlardan ancha ko’p odamni vaksina olishga ko’ndirishimiz kerak bo’lib qoldi”, - deydi Kaliforniya universiteti eksperti Robert Vaxter.

Shu kunga qadar 12 yoshdan katta amerikaliklarning taxminan 56 foizi to’liq emlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG