Breaking News

Bayden Putin bilan ko'rishib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilmoqchi


Rossiya Ukraina bilan chegarada harbiy salohiyatini oshirib, o’rtada taranglik kuchayar ekan, AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putinga uchrashib, vaziyatni muhokama qilishni taklif etdi. Bayden Ukrainaga qarshi har qanday harbiy tajovuz salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ham ogohlantirdi.

Xalqaro hayot – 15-aprel, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:29 0:00

“Prezident Rossiya harbiy kuchlari sonining keskin oshirilishidan va Ukraina chegarasida tajovuz kuchayayotganidan xavotirda ekan, Rossiyani taranglikni yumshatishga chaqirdi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

NATOdagi ittifoqchilari bilan Bryusselda uchrashgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga o’z hududiy daxlsizligini himoya qilishi uchun moddiy yordam berishda davom etadi. Ostin ham Rossiyani provokatsion harakatlarini bas qilishga da’vat etdi.

“Milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi jamoa milliy qudratimizning tasarrufimizdagi barcha qismlarini ishga solishga imkon beruvchi variantlarni zarur bo’lganda prezidentga taqdim etadi”, - dedi vazir.

Rossiyadan yordam olayotgan ukrainalik bo’lginchilar va Ukraina hukumati askarlari 2014-yildan beri jang qilmoqda. Mojaroda shu kunga qadar 14 mingdan ziyod odam o’lgan.

Rossiya NATOning tahdidli harakatlari ketidan o’z qo’shinlarini harbiy mashg’ulotlarga jalb qilish uchun chegaraga yuborganini bildiradi.

Bayden Putinga kelasi bir necha oyda uchrashishni taklif etdi. Vashingtondagi Katolik universitetida Rossiya bo’yicha mutaxassis Maykl Kimmij “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu qarorni olqishladi.

“Amerika o’z majburiyatlariga sodiq va qat’iyatli ekanini, murosa qilmasligini yoki past ketib, o’tirib gaplashib, imkon qadar muzokara qilishi mumkinligini ko’rsatishi mumkin”, - deydi u.

Ba’zi qonunchilar Rossiya Ukrainaga qo’shin tortishi mumkinligidan xavotirda.

“Putinga uning harakatlaridan tashvishda ekanimizni turli yo’llar bilan ko’rsatishimiz kerak. “Shimoliy oqim-2” quvuri loyihasiga qarshi sanksiyalarni eng boshidan qo’llab-quvvatlab kelganman, chunki loyihaning Ukrainaga ta’siri jiddiy bo’ladi. Imkon boricha uni to’xtatishga harakat qilishimiz kerak”, - deydi demokrat senator Jin Shahin.

“Shimoliy oqim-2” tanqidchilariga ko’ra, Rossiyadan Germaniyaga tabiiy gaz uzatish maqsadida qurilayotgan quvur Rossiyaning geosiyosiy loyihasi bo’lib, Yevropa va Ukraina energetika xavfsizligiga tahdiddir. Germaniya esa quvurni tijoriy loyiha sifatida ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG