Breaking News

Bayden va Putin nimalarni muhokama qildi?


AQSh Prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putinning Jenevadagi ilk yuzma-yuz uchrashuvi ijobiy ruhda o’tgani, ammo qarashlarda hali ham farq mavjudligi aytilmoqda.

Xalqaro hayot – 17-iyun, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:02 0:00

Jenevadagi 19-asr villasida o’tgan uchrashuv diplomatik iltifotlarga boy bo’ldi.

“To’rt soatlik uchrashuvlarimiz yaxshi, ijoby kayfiyatda o’tdi”, - dedi Bayden.

Vladimir Putin ham o’xshash fikr bildirdi.

“Suhbatimiz juda konstruktiv bo’ldi”, - dedi u.

Ikki taraf strategik barqarorlik va kiberxavfsizlik haqida muloqot boshlashga kelishdi.

“O’zaro jazolash va diplomatik aloqalarni toraytirish odatiga barham berganimiz muhim va har ikki taraf uchun foydalidir. Ammo buning Rossiya xulqiga ta’siri bo’ladimi, o’zgarishlar bo’ladimi, buni keyingi ikki oyda bilib olamiz”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro va strategik izlanishlar markazidan Sayrus Nyulin.

Ikki mamlakat to’planib qolgan ko’plab muammolarni hal qilishi oson bo’lmaydi. Masalan, Ukraina masalasida. AQSh Rossiyani Ukraina sharqidagi isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblab keladi.

“Men AQShning Ukraina suvereniteti va xududiy daxlsizligiga qat’iy sodiqligimizni bildirib o’tdim”, - dedi Bayden.

Ukraina NATOga kirishga intilmoqda, biroq Moskva bunga qarshi.

Bayden inson huquqlari masalasini ham ko’tarib, Rossiyada qamalgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy taqdiridan xavotirda ekanini aytdi.

Putin siyosiy raqiblariga tazyiq o’tkazilayotganini inkor etarkan, AQShda “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati namoyishlaridagi tartibsizliklarga ishora qildi.
“U Rossiyaga ataylab hibsga olinish uchun qaytdi. Istaganini qildi”, - dedi Putin Navalniyning ismini tilga olmasdan.

Bayden AQSh ravzedkasining Rossiya 2016-yilda Amerikada prezident saylovlariga aralashgani haqidagi xulosalariga qo’shilmay, Putinga ishongan sobiq prezident Donald Trampdan farq qilishini aytdi.

“Prezident Putin bu ishga aralashmaganini qat’iy so’zladi”, - degan edi o’shanda Tramp.

“Demokratik suverenitetimizni buzish yoki demokratik saylovlarimizni izdan chiqarish harakatlariga toqat qilmaymiz. Chora ko’ramiz”, - dedi Bayden.

AQSh rahbari Rossiya kiberhujumlarga qo’l ursa, qarshi javob bo’lishi haqida ham ogohlantirdi.

“Rossiyaning kibernetik sohada qudratli davlat bo’lmasa-da, AQShga katta zarar yetkazishga qodir salohiyatga ega ekanligini tushungan Bayden uning harakatlariga mutanosib ravishda javob berishda ehtiyot bo’ladi”, - deydi tahlilchi Nyulin.

Putin bilan uchrashuv Baydenning Yevropadagi salkam bir haftalik muloqotlarining so’nggisi bo’ldi. Ilk xorijiy safar natijasi yaqin kelajakda sarhisob qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG