Breaking News

Bayden Putinni "qotil" deb atadi


AQSh razvedkasining shu hafta boshida chop etilgan hisobotida aytilishicha, Rossiya Amerikaning 2020-yilgi prezident sayloviga aralashgan, Prezident Vladimir Putin esa maxfiy amaliyotlar orqali saylovda Jo Bayden nomzodiga zarar yetkazishga ko’rsatma berib, sobiq prezident Donald Trampga g’alaba qilishda yordam bermoqchi bo’lgan.

Xalqaro hayot – 18-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:09 0:00

Bayden hisobotga munosabat bildirarkan, Putinni “qotil” deb, unga bu ishi qimmatga tushishini aytdi.

“Ruslar o’z harakatlari uchun javob beradi. Yaqinda bu haqda qo’shimcha ma’lumot beramiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

Qo’shma Shtatlar Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning zaharlanganiga javoban Rossiyaning ayrim eksportlariga qo’yilgan sanksiyalarni kuchaytirmoqchi. Saylovga aralashish bilan bog’liq sanksiyalar ham e’lon qilinishi kutilmoqda. Bunga javoban Moskva elchisini Vashingtondan chaqirib oldi.

“AQSh prezidenti uchun yirik raqib mamlakat rahbarini “qotil” deb atashi kamdan-kam uchraydigan holat. Bunday haqoratlar ketidan ba’zan elchilarni chaqirib olishadi”, - deydi Vashingtondagi REND korporatsiyasi tahlilchisi, Amerikaning Qozog’istondagi sobiq elchisi Uilyam Kortni.

AQSh razvedkasiga ko’ra, Rossiya Tramp doirasidagi ayrim arboblar, jumladan uning advokati Rudi Juliani bilan ishlagan ukrainalik agentlari orqali saylov kampaniyasi paytida Bayden haqida yolg’on ma’lumotlar tarqatgan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Amerika jamiyatini bo’lib qo’yishga qaratilgan bunday kampaniya davom etadi.

“Dushmanlarimiz amerikaliklarni bir-biriga qarshi qaratish uchun, demokratik tizimga ishonchni susaytirish va undagi ishtirokdan qaytarish maqsadida “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati, abort yoki qurolga egalik qilish huquqi kabi masalalardan foydalanmoqda”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Nina Yankovich.

Amerika bilan harbiy sohada raqobatlashishga ojiz raqiblar kiberhujumlarga, soxta ma’lumot tarqatishga qo’l urmoqda, deydi amerikalik ekspertlar. Ular nazarida, Qo’shma Shtatlar G’arbdagi ittifoqchilar bilan hamkorlikda sanksiyalar, viza va bank cheklovlari orqali ushbu mamlakatlar elitasini nishonga olishi mumkin.

“Mamlakatimiz siyosatiga aralashsangiz, bankdagi hisob raqamlaringizni muzlatamiz, ammo kimnikini muzlatishni oldindan aytmaymiz. Biz tanlagan har qanday odamniki bo’lishi mumkin”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Elizabet Bro.

Oq uy Rossiyani qo’shimcha jazo choralari bilan siylash ustida o’ylanayotgan bo’lsa-da, bu mamlakat bilan iqlim o’zgarishi, Eron yadro dasturi, qurol nazorati kabi masalalarda hamkorlik qilish muhimligiga ham urg’u bermoqda.

Putin Bayden uni "qotil" deb atashiga javoban Amerikaning 78 yoshli rahbariga sog'lik tiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG