Breaking News

Bayden ta'minot zanjirini kuchaytirishni buyurdi


Jo Bayden
Jo Bayden

Koronavirus pandemiyasi dunyoda ta’minot zanjirining uzilishiga sabab bo’ldi. Natijada ko’plab mamlakatlarda ayrim sohalarda va ayrim mahsulotlarga taqchillik kuzatildi. Shaxsiy himoya vositalari, niqoblar, qo’lqoplar shular jumlasidan.

Xalqaro hayot – 25-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:17 0:00

Amerika avtomobil kompaniyalari esa yarimo’tkazgich chiplari kamomadi bilan yuzlashdi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden hukumatga 100 kun ichida global ta’minot zanjiridagi muammolar va Amerikaning muhim sanoatlaridagi zaifliklarini aniqlashni, elektr avtomobillar uchun dvigatellar, yarimo’tkazgichlar, elektronika va farmatsevtika uchun muhim bo’lgan minerallar zaxirasi bo’yicha hisobot tayyorlashni buyurdi.

“Yakuniy hisobotdagi tavsiyalar har bir sohadagi ta’minot zanjirini kuchaytirishga imkon beradi”, - dedi Bayden.

AQSh rahbari, shuningdek, bir yil ichida mudofaa, sog’liqni saqlash, transport, energetika, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalaridagi ahvolni ham o’rganib chiqishni buyurdi. Bu o’z navbatida Amerika kompaniyalariga strategik ravishda sarmoya qilib, inqiroz paytida dadil turishga imkon beradi.

“Keskin o’zgarishlar paytida vaziyatga moslashib, bir tan bo’lib harakatlanish muhimdir. Boshqaruvning butun boshli davrini hisobga olish kerak”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Skot Miller.

Bayden farmonida hech bir mamlakat tilga olinmasa-da, Qo’shma Shtatlar ko’plab muhim mahsulotlar va xomashyoni, xususan maishiy elektronikadan tortib harbiy texnikagacha ishlab chiqarish uchun zarur noyob yer minerallarini Xitoydan oladi.

“Bu to’g’ri emas, albatta, ammo diqqatni yolg’iz Xitoyga qaratish uzoqni ko’ra olmaslik bo’ladi. Prezident farmoni AQSh iqtisodiyotining ishlab chiqarishdagi siyosatiga ancha kengroq qaraydi”, - deydi Shimoli-sharqiy universitetdan ekspert Nada Sanders.

Tramp ma’muriyati ishlab chiqarishni xorijga ko’chirgan Amerika kompaniyalarini soliq imtiyozlari, import tariflari orqali vatanga qaytarishga harakat qilgan. Baydenning bu masalada yondashuvi farq qiladi, deydi Oq uyda Milliy iqtisodiy kengash a’zosi Samira Fozili.

“Bu masalada Amerika yolg’iz harakat qilmasligi kerak. Mavjud zaifliklarni doim ham mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirish orqali hal qilib bo’lmaydi”, - deydi rasmiy.

Bayden va vitse-prezident Kamala Harris shu hafta Oq uyda qonunchilar bilan uchrashib, ta’minot zanjirini kuchaytirish siyosati masalasida ularni hamjihatlikka chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG