AQSh Prezidenti Jo Bayden Oliy sudga umrbod tayinlanuvchi sudyalar xizmat muddatini cheklash orqali Oliy sudni isloh qilishni taklif etmoqda. Bayden, shuningdek, konstitutsiyaga o’zgartirish kiritib, prezidentlarni xizmat paytida sodir etgan jinoyatlari uchun daxlsizlikdan ayirmoqchi.
Xususan Bayden Kongressdan Oliy suddagi to’qqizta sudyaning xizmat muddatini 18 yilga cheklashni so’ramoqda.
AQSh asoschilari eng boshidan Oliy sud a’zolari xizmat muddatini cheklamagan. Sud raisi Jon Roberts 2005-yildan beri ishlab kelmoqda.
1991-yilda sudyalikka tayinlangan Klarens Tomas esa 32 yildan beri.
Sud tizimida ishlovchi yuristlardan farqli o’laroq, Oliy sud a’zolari uchun axloq kodeksi belgilanmagan. Biroq ular qo’shimcha daromad va ayrim toifadagi sovg’alar haqida hisobot berishga majbur.
O’tgan yili matbuotda Klarens Tomas badavlat bir odamdan sayohat uchun putyovka olgani haqida xabar tarqalganidan so’ng sud ilk axloq qoidasini qabul qilishga majbur bo’ldi.
Biroq tanqidchilar hozirgi qoidaning yumshoq ekanini aytadi.
Bayden taklif etgan islohotlar amalga oshishi uchun Kongress qonun qabul qilishi kerak, biroq qonunchilik organidagi mafkuraviy bo’linish bunga imkon bermaydi.
Bayden konstitutsiyaga tuzatish kiritib, sobiq prezidentlarni federal jinoiy ayblov, sudlanish, jazoga tortilishdan daxlsizlikka kafolatdan ayirmoqchi.
Bunday konstitutsion islohotga Oliy sudning yaqinda qabul qilgan qarori turtki berdi. Unga ko’ra, Tramp prezidentligi paytida konstitutsion vakolati doirasida qilgan harakatlari uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Konstitutsion tuzatishni qabul qilish yanada qiyin masala. Buning uchun Kongressdagi har ikki palata qonunchilarining uchdan ikkisi bunga ovoz berishi va shundan keyin qaror kamida 38 ta shtat qonunchilik kengashi tomonidan tasdiqlanishi zarur.
Vakillar palatasining spikeri Mayk Jonson Baydenning takliflariga g’ov bo’lishini aytdi.
Ayrim demokratlar Oliy sudga yana to’rtta sudyani qo’shishni taklif etmoqda.
Yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasi mamlakatda Oliy sudga ishonch kamayganini ko’rsatmoqda.