Bayden yangi ma’muriyatiga mutaxassis yollayotgan bir paytda 3-noyabrdagi saylov natijalarini qabul qilishdan bosh tortayotgan Donald Tramp yuristlari saylov natijalarini sudlar orqali o’zgartirishga harakat qilmoqda. Bayden jamoasi koronavirusga qarshi siyosat bobida Tramp ma’muriyatidan yetarlicha ma’lumot ololmayotganidan nolimoqda.
“O’tish jarayonida rejalarimizni tuzish uchun koronavirusga qarshi kurash bilan shug’ullanayotgan davlat idoralari biz bilan hamkorlik qilmayapti. Vaksinani tayyorlab aholiga yetkazish muhimdir va Bayden prezidentligining ilk kunlarida shunga urg’u beradi, ammo biz bilan ma’lumot ulashishmayapti”, - deydi Bayden ma’muriyati rahbari Robert Kleyn.
Vaksinani mamlakat bo’ylab taqsimlash rejasini aniqlash ustuvor vazifalardan biri hozir. Vaksina yaratish bilan mashg’ul “Moderna” va “Pfayzer” farmatsevtik kompaniyalarining o’tgan hafta bildirishicha, sinovdan o’tkazilayotgan vaksinalar samarasi 90 foizdan oshiq ekani aniqlandi.
Har ikki kompaniya AQSh hukumatidan vaksinasi uchun favqulodda litsenziya olishga umid qilmoqda. Tramp ma’muriyatida vaksina yaratish dasturi bosh ilmiy maslahatchisi Monsef Slauining aytishicha, vaksinalar litsenziya berilishi bilan 24 soat ichida tarqatila boshlaydi. Mutaxassis ayrim amerikaliklarning emlanishga tayyor emasligini xavotir bilan tilga olmoqda.
“Odamlarning ikkilanishi meni juda tashvishlantirmoqda. Bunga, asosan, siyosiy tortishuvlar sababdir. Vaksinalarni aholiga yetkazish uchun dori-darmon kompaniyalari bilan reja tuzdik, minglab odamlar mehnati ketdi”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar koronavirusga chalinganlar bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda. Bemorlar soni 13 millionga yaqinlashmoqda, salkam 263 ming odam virusdan o’lgan.
Facebook Forum