Breaking News

Bayden Tramp siyosatini tanqid qilmoqda, ammo ayrim masalalarda pozitsiyalari o'xshash


AQShda demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden Prezident Donald Trampni Rossiya Afg’onistonda Tolibonga amerikalik askarlarni o’ldirish uchun pul to’lagani haqidagi razvedka ma’lumotlariga sust munosabat bildirayotganlikda aybladi. Tramp bu haqda ma’lumot olmaganini aytarkan, hisobot soxta ekaniga ishora qiladi.

Xalqaro hayot – 3-iyul, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:34 0:00

“Prezident bilmagani yoki uni xabardor qilishmagani haqidagi gaplar safsata. Tramp majburiyatidan bo’yin tovlamoqda. Agar uning bundan xabari bo’lsayu, hech qanday chora ko’rmayotgan bo’lsa, bo’yin tovlash bu”, - dedi Bayden.

Sobiq prezident Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezident bo’lgan Bayden Tramp tashqi siyosatini xavfli deb ataydi.

Yanvar oyida Eron generalining AQSh havo hujumida o’ldirilgani Amerikani urush yoqasiga olib keldi, deydi Bayden.

“Ittifoqchilarimiz va Kongress bilan maslahatlashmay, bunday choraning oqibatlarini o’ylamay ish tutgani, mening nazarimda, xavfli va noqobil harakat bo’lgan”, - dedi Bayden.

General Qosim Sulaymoniyning o’limi ketidan Eron AQShning Iroqdagi bazasiga raketa otish bilan javob berganidan so’ng ziddiyat yumshadi.

Baydenning aytishicha, u prezidentlikka kelsa, Trampga o’xshab AQSh xavfsizligiga tahdidlarga javob berishda bir tomonlama harakatlarga qo’l urmasdan demokratik ittifoqchi davlatlar bilan hamkorlik qiladi, muzokaralarni ziddiyatlardan ustun qo’yadi.

Biroq Suriya va Afg’onistonda harbiy harakatlarni tugatish, Shimoliy Koreya bilan yadro dasturi bo’yicha muzokaralarni davom ettirish, Xitoyning Gonkongda inson huquqlarini poymol etishiga qarshi turish kabi masalalarda ikki raqib nomzod pozitsiyalari o’xshash.

Demokratik partiyaning so’l qanoti harbiy intervensiyalarga qarshi turgan bir paytda Bayden inqirozlarga munosabat bildirishda xalqaro hamjamiyat bilan samarali ishlashiga tanqidchilarning ko’zi yetmaydi. Koronavirus pandemiyasi, ishsizlik, irqiy adolatsizlikka qarshi namoyishlar kabi ichki muammolarni hal etishda Bayden qanday siyosat yuritishi ham hozircha savol ostida.

“Bayden oldida ulkan vazifalar turibdi. Amerikaning liderligini jonlantira olishiga, mojaro paytida qo’shinlarni safarbar eta olishiga shubha bilan qarayman”, - deydi “Amerika tadbirkorlik institutidan” Gizel Donelli.

Bayden Obama ma’muriyati paytida Eron bilan imzolangan, ammo Tramp bekor qilgan yadroviy bitimga hamda iqlim o’zgarishiga qarshi choralarni o’z ichiga oluvchi Parij bitimiga AQShni qaytarishini aytadi.

Biroq Bayden Obama paytida imzolangan va Tramp bekor qilgan Trans-Tinch okeani savdo shartnomasida Amerika ishchilarining himoyasi kuchaytirilmaguncha va yangi ish o’rinlarini yaratish kafolatlanmaguncha unga qaytilmasligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG