Breaking News

Bayden: Qrimning Rossiyaga qo'shilishini hech qachon tan olmaymiz


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina parlamentida so'zlamoqda, Kiyev, 8-dekabr, 2015-yil
AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina parlamentida so'zlamoqda, Kiyev, 8-dekabr, 2015-yil

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina parlamentida nutq so'zlab, Qo'shma Shtatlar Qrimning Rossiyaga qo'shib olinishini hech qachon tan olmaydi, deya bu mamlakat qonunchilari olqishiga sazovor bo'ldi.

"AQSh Ukrainani bu masalada qo'llab-quvvatlaydi, Rossiyani Minsk bitimini buzayotgani uchun tanqid qiladi", - dedi Bayden.

U Oliy Rada deputatlarini korrupsiyaga qarshi kurashga chaqirdi.

"Ukraina xavfsiz Yevropaning barqaror va farovon mamlakatiga aylanishni istasa, korrupsiyani tag-tugi bilan yemirib tashlashi zarur. Buning uchun islohotlarni jadallashtirish, o'tmishdagi xatolarni takrorlamaslik, davlat boshqaruvini yaxshilash, hukumatning barcha qatlamlarida shaffoflikni oshirish, qonun ustuvorligini kuchaytirish lozim", - dedi u.

Kecha Bayden Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bilan uchrashib, uning mamlakatiga 190 million dollarlik qo'shimcha yordam va'da qildi.

AQSh vitse-prezidentiga ko'ra, Ukraina sharqidagi mojaroga barham berish uchun Minskda imzolangan sulh bitimi shartlarini bajarish lozim.

"Agar Rossiya o'z majburiyatlarini bajarmasa, Prezident Putin Barak Obama, Ukraina hukumati va xalqaro hamjamiyatga bergan va'dalarining ustidan chiqmasa, Minsk kelishuvidan foyda bo'lmaydi. Rossiya sulh shartlarini muntazam ravishda buzib kelmoqda", - dedi Bayden.

Kremlga ko'ra, sulh shartlarini Ukraina hukumati va isyonchilar bajarishi lozim, Rossiya esa mojaroda qatnashmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG