Breaking News

Oq uy: Afg'onistonda qolib ketgan amerikaliklarni chiqaramiz


31-avgust kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden xalqqa murojaat qilib, AQSh tarixidagi eng uzoq urushga chek qo’yish qarorini himoya qildi.

Xalqaro hayot – 1-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:29 0:00

“Ushbu abadiy urushni va Afg’onistondan abadiy chiqishni cho’zish niyatim yo’q edi”, - dedi u.

Bayden 20 yillik urushga chek qo’yish qarorini tushuntirib berdi.

“Oddiy savolga javob berish kerak edi: yo so’nggi ma’muriyat qarorini oxirigacha bajarib Afg’onistondan ketishimiz yoki u yerda qolib, yana o’n minglab askarni urushga yuborishimiz kerak edi. Ketish yoki urushni davom ettirishdan birini tanlash kerak bo’ldi”, - dedi AQSh prezidenti.

O’tgan hafta evakuatsiya paytida Kobul aeroporti yonida sodir etilgan xurujlarda 13 nafar amerikalik harbiy halok bo’lishi ketidan Bayden ushbu qarori uchun qo’shimcha tanqidlarga uchradi. Ayrim tahlilchilar orasida uni qo’llab-quvvatlayotganlar ham bor.

“Bir tarafdan qarasak, evakuatsiya Vyetnam urushidan chiqishimizga o’xshab ketadi. Ammo boshqa tarafdan, bu strategik jihatdan ustuvor vazifalarni qayta belgilashga, tashqi siyosatga e’tiborni yangilashga, xorijdan ko’ra Amerikaning o’zida iqtisodiyotga sarmoya qilishga imkon beradi”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlil markazidan Charlz Kupchan.

Ba’zilar nazarida, evakuatsiya shosha-pisha, tartibsiz amalga oshirildi, Tolibondan vahimaga tushgan afg’onlarning ham aeroportda ko’p sonda to’planishiga olib keldi. Ammo Bayden amaliyotni himoya qildi.

“Hech bir mamlakat tarixda hali bu qadar keng ko’lamda evakuatsiya qilishga muvaffaq bo’lmagan. Bunday salohiyat, iroda va imkoniyat faqat AQShda bor. Va biz buning uddasidan chiqdik”, - dedi Bayden.

Oq uy ma’muriyati Afg’onistondan chiqishga ulgurmagan 200 ga yaqin amerikalikni evakuatsiya qiishga so’z berdi. Biroq tanqidchilar urush paytida AQShga yordam bergan va Tolibon nishoniga aylanishi mumkin bo’lgan minglab afg’onlar qolib ketganiga ishora qilmoqda.

“Aeroportga avval kimlar kiritilishi kerakligi haqida siyosat o’zgarib turdi. Bir qarasangiz, Davlat departamenti gumanitar tashkilotlar va shaxslarga avtobus to’la odamlarni yoki guruhlarni olib kelishni buyurdi. Yana bir necha daqiqadan so’ng faqat AQSh fuqarolari va grin kartasi borlar o’tishi kerakligini aytishdi”, - deydi NATOning Afg’onistondagi vakili o’rinbosari Mark Jeykobson.

Biroq Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki bunday da’volarni inkor etdi.

“Bunday gaplardan xabarim yo’q. 117 mingga yaqin odam, aksariyati afg’onlar, evakuatsiya qilinganini ishontirib aytaman. Bu AQSh tarixida eng yirik evakuatsiya bo’ldi”, - deydi rasmiy.

Prezident Bayden tashqi siyosatga AQSh manfaatlaridan kelib chiqib yondashishini, xavfsizlikka urg’u berishini aytdi.

Bu o'rtada AQShga evakuatsiya qilingan minglab afg’onlar mamlakatdagi harbiy bazalarga yetkazilmoqda. Bu yerda ular vaqtincha uy-joy bilan ta’minlanadi. Hujjatlari rasmiylashtirilganidan so’ng AQShda mustaqil hayot boshlashadi.

Pentagonga ko’ra, yettita harbiy bazada 50 minggacha afg’on joylashtiriladi. Shulardan 22 ming nafari AQSh hukumatiga Afg’onistonda yordam bergan tarjimonlar va boshqalar bo’lib, maxsus muhojirlik vizasiga hujjat topshirishadi.

Bazalar Texas, Nyu-Meksiko, Nyu-Jersi va Virjiniya shtatlarida joylashgan.

Evakuatsiya qilinganlarning ayrimlari to’g’ri AQShga uchgan, boshqalari 3-mamlakatlarda vaqtincha boshpana olgan.

Evakuatsiya qilingan afg’onlar mamlakat yuzlashayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni ko’rmaydi endi. Kobulda esa pulsiz qolgan odamlar bor-butini sotuvga chiqarib, kun kechirishga umid qilmoqda. Ammo muammo shundaki, xaridorlar sotuvchilardan ancha kam.

Bozorlarda narx-navo ko’tarilmoqda, banklarda hisob raqamidan pul yechishga umid qilayotgan odamlar uzun navbatlarda turibdi.

Kobul bozorida un, guruch va yog’ 30 foizga, sabzavotlar 50 foizga, benzin esa 75 foizga qimmatlagan.

Tolibon milliy valyutaning qadrsizlanishi, inflyatsiya, ishsizlik, aholini asosiy xizmatlar bilan ta’minlash kabi muammolarni qanday hal etmoqchi ekani hozircha noma’lum. Mamlakatda ishlab chiqarish yo’q, xalqaro moliyaviy yordam to’xtagan, Afg’onistonning valyuta zaxirasi mamlakat tashqarisida saqlanmoqda. Tolibon uni qo’lga kiritishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi, uning ishonchiga sazovor bo’lishi kerak.

Tolibon yangi hukumat ishga tushishi bilan muammolar kamayishiga so’z bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG