Breaking News

Baydendan qanday iqtisodiy siyosatni kutish kerak?


AQShda prezidenti saylovi g’olibi Jo Baydenga pandemiyadan tushkunlikka tushgan, ammo so’nggi paytda tiklanayotgan iqtisodiyot meros bo’lib qoladi. Yangi rahbarning keng qamrovli iqtisodiy dasturi bo’linib turgan Kongressda qarshilikka uchrashi kutilmoqda.

Baydendan qanday iqtisodiy siyosatni kutish kerak?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

Demokratik partiyadan nomzod Jo Baydenning saylovda g’alaba qozongani e’lon qilinishi ketidan AQSh qimmatbaho qog’ozlar bozori gurkirab ketdi. Moliyaviy tahlilchilarning aytishicha, agar respublikachilar Senatdagi ko’pchilik o’rinlarni saqlab qolsa, sarmoyadorlar yengil tortadi.

“Aksiyalar birjasi bo’lingan hukumatni yaxshi ko’radi. Nega? Chunki bashorat qilish oson. Nega? Chunki hukumat bo’lingan bo’lsa, katta o’zgarishlar bo’lmaydi”, - deydi Nyu-Jersi shtatidagi Monkler davlat universitetidan professor Den Geltrud.

Iqtisodiyotning tiklanishi pandemiyaga qarshi kurashdagi yutuqlar bilan izohlanmoqda. Kundalik infeksiya sur’ati keskin oshgani bilan koronavirusga qarshi vaksinalar sinovi yaxshi natija bermoqda. Iqtisodchilarga ko’ra, iqtisodiyotni pandemiyadan oldingi holatga qaytarish Bayden ma’muriyati uchun oson bo’lmaydi.

“Hali ham iqtisodiy jarlikdamiz. 10 million isn o’rinlarini tiklash kerak, ana shundagina fevral oyidan oldingi holatga qaytamiz. Biroq 2022-yilgacha buning uddasidan chiqa olmaymiz deb o’ylayman”, - deydi Nyu-Jersidagi yana bir oliygoh - Ratgerz universitetida iqtisodiyot professori Jeyms Xyuz.

Saylov kampaniyasi paytida Bayden korporatsiyalar va badavlat odamlarga soliqlarni oshirib, shuning hisobidan sog’liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhit, infratuzilma uchun xarajatlarni qoplashni taklif etgan. Respublikachilar soliqlar oshirilishiga qarshi.

“Iqtisodiyot uchun bu eng yaxshi chora bo’lmasligi mumkin. Nazarimda, infratuzilmani yaxshilash kerak, shundagina ishsizlik kamayadi”, - deydi professor Geltrud.

Iqlim o’zgarishiga qarshi kurash doirasida Bayden AQShni Parij bitimiga qaytarishga, mamlakatda toza energiya inqilobini amalga oshirishga so’z bergan. Maqsad 2050-yilgacha zararli gazlar chiqindisini yo’qqa chiqarish.

“Buni hozir qilsak, iqtisodiyotga ta’sir qiladi, chunki hamma narsa neft sanoatiga bog’liq”, - deydi Geltrud.

“AQShda orqada sudralib yurmasligi kerak. Texnologiyani yaratishda, unga sarmoya qilishda, iqtisodiy transformatsiyada dunyoda ilg’or bo’lishimiz kerak”, - deydi Jeyms Xyuz.

Ba’zi mutaxassislar iqtisodiy kelajak yorqin bo’lishini taxmin qilmoqda. Xyuz shulardan biri.

“Ixtirolar davri o’tmadi hali. Texnologik yutuqlar davom etarkan, iqtisodiyotning bir qismi gurkirashiga guvoh bo’lamiz, ammo hozir buni taxmin ham qila olmaymiz”, - deydi u.

“Hukumat keskin choralarga qo’l urmasa bo’ldi. Odamlarga pullarini o’zlari bilgancha sarflashga imkon berishi kerak. Yaxshi kunlar hammamiz uchun hali oldinda”, - deydi Monkler universiteti mutaxassisi.

Bayden prezidentligining boshida yordam paketi va iqtisodiyotni tiklash choralariga urg’u berishi kutilmoqda. Pandemiyadan oldingi 10 yil davomida Amerikada iqtisodiyot kengaydi, maoshlar oshdi, ishsizlik rekord darajaga tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG