Breaking News

Bayden narx-navoni tushirishga harakat qilmoqda


AQShda iste’mol mollari va yoqilg’iga yuqori narxlar kuzatilmoqda. Oq uy strategik zaxiradagi neftni sotishga qarori qildi, boshqa choralar bilan narxlarni tushirishga intilmoqda. Bu choralar nimadan iborat?

Xalqaro hayot - 24-noyabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:32 0:00

AQShda yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, amerikaliklarning 55 foizi Prezident Jo Baydenning iqtisodiy siyosatidan norozi. Ayrim shtatlarda benzin narxi ko’tarilgan, inflyatsiya kuchaygan.

Bayden mamlakatning strategik zaxirasidan 50 million barrel neftni sotishga qaror qildi. Uning aytishicha, Hindiston, Birlashgan Qirollik, Xitoy ham shunday qilmoqchi.

"So’nggi haftalarda davlat rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ko’rishib, shunga kelishdik. Qo’shma harakatlarimiz benzin narxi muammosini bir kunda hal qilmasa-da, yengillik yaratishi aniq. Vaqt o’tishi bilan benzin narxi tushadi. Uzoq muddatda esa toza energiyaga o’tish orqali neftga tobelikni kamaytiramiz”, - dedi Bayden.

Bu chora yetarlimi?

“Prezidentning qarori ikki maqsadni ko’zlayapti. Birinchisi amerikaliklarni Bayden benzin narxini tushirishga harakat qilayotganini ishontirishga qaratilgan. Ikkinchisi ittifoqchilar va Xitoy bilan kelishib, OPEC tashkilotini ogohlantirishga. “Agar neft ishlab chiqarishni oshirmasangiz, zaxiralarni ishga solamiz” degan ma’noda”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Deyvid Vessel.

Bayden pandemiya davrida foiz stavkalarini past darajada ushlab turgan Federal zaxira banki raisi Jerom Pauelni yangi muddatga tayinladi. Oq uy mahsulotlar kamomadiga sabab bo’lgan ta’minot zanjiridagi uzilishlarni tuzatishga urinmoqda.

Bayden, shuningdek, ijtimoiy sarfiyatlar va iqlim o’zgarishiga qarshi tashabbuslarni o’z ichiga olgan 1,75 trillion dollarlik qonun loyihasini Kongressdan o’tkazishga harakat qilyapti. Senat hujjatni ma’qullasa, Amerika iqtisodiyotiga jiddiy turtki bo’ladi.

Prezidentning aytishicha, dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega Amerika pandemiyadan kutilganidan kuchliroq chiqdi.

"Faxrlanishimizga sabab ko’p. Iqtisodiyotimiz global darajada o’ta tez tiklanmoqda. Inflyatsiyani hisobga olganda ham iqtisodiyot kengaygan, oilalar hamyonida pandemiyadan oldingiga qaraganda pul ko’proq. Yirik davlatlar orasida Amerika bunday muvaffaqiyatga erishgan yagona mamlakatdir”, - dedi Bayden.

Biroq iqtisodchilarning aytishicha, hatto AQSh iqtisodiyoti ham taklif va talab kuchlariga bas kelolmaydi.

“Federal zaxira banki foiz stavkalarining pastligidan foydalanib obligatsiyalarni sotib olishda davom etmoqda. Hukumat tinch davr uchun eng yirik iqtisodiy yordam paketini o’tkazdi. Ustiga-ustak, global ta’minot tizimidagi muammolar. Natijada talab oshmoqda, biroq taklif o’ta kichik. Bu esa narxlarning oshishiga sabab bo’lmoqda”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Dezmond Laxman.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG